Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabar, kuzatuv va baholar berib boriladi. Bu jarayon mamlakatimizdagi islohotlar, iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va media sohasidagi yangilanishlar xalqaro axborot makonida qanday aks etayotganini ko‘rsatadi.
AzerTAJ: O‘zbekiston Kaspiy va Qora dengiz portlarida logistika infratuzilmasini rivojlantirmoqda

“AzerTAJ” axborot agentligi xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish va dengiz portlarida logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan sa’y-harakatlarga e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Kaspiy dengizidagi Oqtov, Turkmanboshi va Boku, Qora dengizdagi Poti, Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqilgan.
Poti portida logistika markazi tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Loyiha texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, Anakliya bandargohini rivojlantirish hamda Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqish imkonini beruvchi Naxchivon temir yo‘li qurilishida ishtirok etish imkoniyati o‘rganilmoqda.
Mazkur loyihalar to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon va metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi. Yig‘ilishda mamlakat ichida logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish zarurligi ham ta’kidlangan.
Anadolu: Imom Buxoriy majmuasi an’anaviy me’morchiligi bilan e’tibor qozonmoqda

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi mahalliy va xorijlik ziyoratchilarda jiddiy qiziqish uyg‘otayotgani haqida fotolavha e’lon qildi.
Agentlik buyuk hadisshunos Imom Buxoriy qabri joylashgan majmuaning yangilangan me’moriy qiyofasi hamda o‘zbek milliy hunarmandchiligi an’analarini aks ettiruvchi bezaklariga e’tibor qaratgan. Shuningdek, mintaqadagi muhim ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatida ushbu majmua islom olamidan Samarqandga kelayotgan ziyoratchilar diqqati markazida ekani ta’kidlangan.
Sinxua: Toshkentda “Xitoy – O‘zbekiston” xalqaro savdo ko‘rgazmasi ochildi

“Sinxua” axborot agentligi Toshkentda “Xitoy – O‘zbekiston-2026” xalqaro savdo yarmarkasi ish boshlagani haqida xabar berdi.
Chin mamlakatining yurtimizdagi elchisi Yuy Szyun Sichuan muzofotini Markaziy Osiyo bilan bog‘layotgan Xitoy – Yevropa yuk poyezdi savdo va logistika imkoniyatini sezilarli darajada kengaytirishini ta’kidlagan. Zero, infratuzilma barpo etilishi, yangi energetika, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, ilmiy-texnologiya innovatsiyasi, madaniyat va turizm sohalari hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Elzot Qosimov xorij kompaniyalari bilan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, ilg‘or texnologiya joriy etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshirish manfaatli ekanini bildirgan. Ayni jarayonda elektrotexnika, avtomobil butlovchi qismlari, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ustuvor ahamiyat beriladi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Sichuan tomonidan xorijda mustaqil tashkil etilgan mazkur ilk xalqaro ko‘rgazmada 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda. Yarmarka doirasida B2B muzokaralar va qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yish maqsadida uchrashuvlar ham o‘tkaziladi.
VTA: O‘zbekiston va Eron agrar hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tmoqda

Bolgariyaning VTA axborot agentligi Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Eron qishloq xo‘jaligi biznes-forumi haqida material e’lon qildi.
Qayd etilishicha, anjumanda chorvachilik va veterinariya, parrandachilik, baliqchilik, ozuqa va urug‘lik ishlab chiqarish, ko‘chatchilik, bog‘dorchilik hamda issiqxona xo‘jaligida hamkorlik imkoniyati muhokama qilingan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasi, dron, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyasini amaliyotga joriy etish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Agentlik tadbir davomida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘zlarining yangi mahsulot va xizmatlarini taqdim etib, ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirganiga urg‘u bergan.
Dilshod Hakimov, O‘zA