Axborot hamkorlarimiz nigohida - Yangi O‘zbekiston
Har qanday yangilikni dunyo afkor ommasiga yetkazishda axborot maydoni, xususan ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos. Zero, hamkasblarimiz nafaqat xabar tarqatadi, balki jamiyat kayfiyatini uzatadi, islohotlarga nisbatan munosabat uyg‘otadi, davlat va jamoatchilik o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib boriladi. Bu jarayon nafaqat xorijiy media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.
Anadolu: O‘zbekiston poytaxtida “Tashkent Water Week 2026”
xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda
Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligi, “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Ilg‘or islohotlar markazi ko‘magida tashkil etilgan “Tashkent Water Week 2026” xalqaro forumi ochilgani haqida maqola e’lon qildi.
Anjuman mavzusi – “Suv resurslarini boshqarish: texnologiya va innovatsiya. Markaziy Osiyo va global suv aylanishi”.
Qayd etilishicha, yarim qurg‘oqchil mintaqada joylashgan, transchegaraviy jihatdan Amudaryo va Sirdaryoga qaram O‘zbekiston keskin suv tanqisligiga duch kelmoqda.Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, 2030 yilga borib taqchillik 15 milliard kub metrga yetishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi, iqtisodiyot va aholining o‘sib borayotgan ehtiyoji mukammal yechim talab qiladigan muammolarni yanada kuchaytirmoqda.
Bunga javoban mamlakatda resurslardan oqilona foydalanilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda: suv ta’minoti va irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv tozalash texnologiyasini rivojlantirish, suv yo‘qotilishini kamaytirish va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish bo‘yicha xalqaro loyihalarni ilgari surish.
– Forumning asosiy maqsadi suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni targ‘ib etish, barqaror strategiya ishlab chiqish, biznes, hukumat va xalqaro institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat, – deya maqolaga yakun yasagan muallif. – Dastur to‘rt asosiy mavzuni qamrab olgan: barqaror irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi, gidroenergetika va resurs balansi, innovatsiya va texnologiya, fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash.
TASS: O‘zbekistondagi atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida beton quyish ishlari boshlandi
Jizzax viloyati Forish tumanida “Ritm-200N” reaktoriga ega kichik atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida betonlash ishlari boshlandi. Qayd etilishicha, 2026 yil aprel oyida yakunlanishi rejalashtirilgan reaktor poydevori uchun taxminan 900 kub/metr beton quyiladi. Bu haqda TASS muxbiriga “Rosatom” matbuot xizmati xabar bergan.

– Shu munosabat bilan uyushtirilgan marosimda “Rosatom” davlat korporatsiyasi muhandislik bo‘limi – “Atomstroyeksport” AJ O‘zbekistonda Atom elektr stansiyasi qurish loyihasi bo‘yicha vitse-prezidenti va direktori Pavel Bezrukov hamda mazkur loyiha direksiyasi direktori Abdijamil Qalmuratov ishtirok etdi, – deyilgan xabarda. – Keyingi bosqichda tekislash, gidroizolyatsiya va tuproq urish ishlari bajariladi.
2024yil “Rosatom” va “O‘zatom” o‘rtasida respublikamizda kichik AES qurish bo‘yicha dunyodagi ilk eksport shartnomasi imzolangan.
Kazinform:Aviakompaniyalar uchun subsidiya, naqd pul va bonus: O‘zbekiston turizmni izchil qo‘llab-quvvatlamoqda
O‘zbekistonda mamlakatni xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya boshlandi, deb yozgan “Kazinform” agentligi.
Darvoqe, bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Maqola muallifi aprel oyida turoperatorlarni qo‘llab-quvvatlovchi “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinishiga e’tibor qaratib, 1 apreldan boshlab, uch oy davomida jalb qilingan har 1000 xorijiy sayyoh uchun tadbirkorlik sub’ekti 5000 dollargacha subsidiya olishi mumkinligini qayd etgan. Orttirilgan qiymat solig‘ining yarmi keshbek sifatida qaytariladi.
Havo qatnovini rag‘batlantirish bo‘yicha ham moliyaviy choralar ko‘rilmoqda: yangi yo‘nalishlarni ochgan aviakompaniyalar jalb qilingan har bir chet ellik turist uchun 100 dollar oladi. Shuningdek, aeroport xizmati uchun 20 foiz chegirmaga ega bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoq orqali mamlakatni faol targ‘ib qilish ham rejalashtirilgan: 5 milliondan ortiq obunachiga ega 50 nafar xorijiy bloger uchun O‘zbekistonga yetti kunlik bepul sayohat uyushtiriladi.
AzerTAJ: BMT va O‘zbekiston besh yillik hamkorlik yakunini sarhisob qildi
Ozarbayjonning yetakchi rasmiy axborot agentligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston hukumati erishilgan natijalarni har tomonlama baholagan holda, 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik davri rasman yakunlangan haqida maqola e’lon qilindi.
Xabarga ko‘ra, besh yillik yakuni ijtimoiy soha, raqamli transformatsiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va ekologiya barqarorligini ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishilganini ko‘rsatgan.

2025-yilga kelib hamkorlik orqali 200 000 ga yaqin odam hayotiy muhim ijtimoiy yordam oldi. Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha davlat nafaqalari joriy etildi.Raqamlashtirish islohotning asosiy vositasiga aylandi: 12,8 million fuqaro tez va qulay davlat xizmatidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.
Maqolada aytib o‘tilganidek, sog‘liqni saqlash sohasida 1 million 800 ming ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatildi. BuO‘zbekistonda ona va bola salomatligini mustahkamlashda muhim qadamdir. Mamlakat bo‘ylab ta’lim muassasalarida zamonaviy o‘qitish usuli va raqamli savodxonlik dasturi joriy etilgan. Shu bilan birga iqlim bo‘yicha harakatni yashil ish o‘rni yaratish bilan birlashtirishga qaratilgan yangi ekologik tashabbuslar ilgari surildi. Joriy davr tugagandan so‘ng BMT 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning yangi asosini amalga oshirishga kirishadi. BMTning respublikamizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl keyingi bosqich yagona tamoyil – inson uchun sarmoya kiritishga asoslanishini ta’kidladi. Inklyuziv taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan mazkur yangi yondashuv har bir kishi, ayniqsa aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga mamlakat hayotida faol ishtirok etishb, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov xalqaro hamkorlar, birinchi navbatda BMT bilan izchil muloqot taraqqiyotning muhim omiliga aylanayotganini ta’kidladi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova tayyorladi.