Avtomobil yuvish shoxobchalarida ichimlik suvidan foydalanishga qanday javobgarlik bor? (+video)
“O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati bosh mutaxassisi Akmal Qodirov ushbu savolga shunday javob berdi:
– Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish o‘g‘rilik jinoyati deb baholanadi. Bu normani joriy etish bo‘yicha qonun Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida muhokama qilindi.
Senatorlar mazkur majlisda “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunini ko‘rib chiqdi.
Mazkur qonun amaliyotga joriy etilsa, albatta vodoprovoddan maqsadsiz foydalanish holatlariga chek qo‘yiladi.
O‘zA minbaridan foydalanib yurtdoshlarimizga shu ma’lumotni aytish mumkinki, avtomobil yuvish shoxobchalarida ichimlik suvidan foydalanilmaydi. Har bir shoxobchada ichki artezian quduqlari qurilib, mashina yuvishda o‘sha suv ishlatiladi. “Avtomoyka”larda ichimlik suvidan foydalanish holatlari qonunchilik bilan cheklangan. Agar shunday holatlar kuzatilsa, tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi belgilangan. Markaziy suv tarmog‘idan hisobraqam ochtirmagan holda foydalanish noqonuniy ulanish hisoblanadi. Bugungi kunga qadar bunday foydalanish ma’muriy javobgarlik bilan qonunda tartibga solingan bo‘lsa, endilikda jinoiy javobgarlikka tortilish tartibi joriy etilishi nazarda tutilmoqda.
2022 yil hisobida “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan jami 2 ming 240 ta ichimlik suviga noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan. Buning natijasida 41,5 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Agar noqonuniy ulanish holatlari sodir etilmaganida mana shu pullarni biz moddiy-texnik bazamizni yaxshilashga yoki ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan aholining suv ta’minotini yaxshilashga sarflagan bo‘lar edik.
O‘zbekiston hududidagi suvning atigi 4 foizi ichimlik uchun olinadi. Ana o‘sha 4 foiz suvdan ham boshqa maqsadlarda foydalansak, 10-15 yildan so‘ng suv muammosiga duch kelishimiz mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/m447DTKlZw4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
N.Rahmonova,
D.Yoqubov (+video) O‘zA