Auksionda sotuvga chiqarildi
Sirdaryoda kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagan qarzdorning qurilishi tugallanmagan korxona binolari 5 mlrd 651 mln so‘mga baholanib, auksion savdosiga chiqarildi. Bu tadbir davlat byudjeti manfaatlarini himoya qilish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga ijro hujjati talabini ixtiyoriy bajarish uchun muddat berilgan, bajarmaslik oqibatlari to‘liq tushuntirilgan. Ammo “M.G.G” MCHJ o‘z majburiyatlarini bajarmadi, shu bois binoga nisbatan majburiy ijro harakatlari olib borildi.
Sud qarorlari asosida amalga oshirilgan ushbu ijro harakatlari Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudining 2025-yil 21-avgustdagi qarori bilan qo‘llab-quvvatlandi. Sud qarorida davlat byudjeti foydasiga 5 mlrd 638 mln so‘m davlat boji undirish belgilangan edi.

Banklar tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar taqdim qilinadi. Ushbu imkoniyatlar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni oshirish uchun muhimdir. Ammo kredit mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari ham uchrab turadi, bu esa davlat va moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sir qiladi.
Eng muhimi shundaki, bu holat tadbirkorlar uchun kredit majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishning ahamiyatini ko‘rsatib turibdi. Davlat va moliya institutlari tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan mas’uliyat bilan foydalanish orqali biznes va iqtisodiy barqarorlik mustahkamlanishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA