Atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan eko-forumlar o‘tkazilmoqda
5-iyun – Butunjahon atrof-muhit kuni munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan joylarda bir qator targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, “Tabiat uchun birlashaylik” shiori ostida eko-forumlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Mazkur tadbirlar davomida bugungi kunda dolzarblashib borayotgan ekologik muammolar haqida ma’lumotlar berilib, ularning salbiy ta’sirini yumshatish choralari haqida fikrlar almashilmoqda.

Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarni tabiatga daxldorlik ruhida tarbiyalash, ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga urg‘u qaratilmoqda. Ayniqsa, ta’lim muassasalarida ekologik ta’lim-tarbiyani kuchaytirish, oiladan boshlab ekomadaniyatni shakllantirish zarurligi ta’kidlanmoqda.

Shu bilan birga, aholi va yoshlar bilan muloqotlar davomida yoshlarning ekologik tashabbuslari va takliflari tinglanib, ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan tavsiyalar berilyapti.
Bu kabi tadbirlar atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini yanada kengaytirish, tabiatga nisbatan mas’uliyatni oshirish hamda aholi va yoshlarning ekologik madaniyatni yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova, O‘zA