Asossiz ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklandi
Sirdaryo viloyatida fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ish beruvchilar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida bir fuqaro o‘z ish joyiga tiklandi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro D. Norjigitov “Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasida faoliyat yuritib kelgan bo‘lib, u ishdan asossiz bo‘shatilgani hamda dam olish va bayram kunlarida ishga jalb etilgani yuzasidan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilgan.
Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 168-moddasi 5-qismiga asosan bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Biroq tahlillar mazkur qaror yetarli huquqiy asoslarga ega emasligini ko‘rsatdi.
Xususan, ishdan bo‘shatish jarayonida tibbiyot muassasasi xulosasi asos qilib olingan bo‘lib, unda fuqaroning og‘ir mehnat sharoitida ishlashga yaroqsizligi qayd etilgan. Ammo amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, bunday holatlarda faqat tibbiy-ijtimoiy mehnat ekspertiza komissiyasining rasmiy xulosasi huquqiy asos sifatida qabul qilinishi lozim ekani belgilangan.
Shuningdek, ish beruvchi tomonidan fuqaroni sog‘lig‘iga mos keluvchi yengilroq ish o‘rinlariga o‘tkazish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmagani, qolaversa, uning 3-guruh nogironligi mavjudligi ham e’tibordan chetda qoldirilgani aniqlandi. Bu holat mehnat qonunchiligi talablarining buzilishiga olib kelgan.
Adliya organlari tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra, ish beruvchiga nisbatan tegishli huquqiy ta’sir choralari ko‘rildi hamda fuqaroning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Natijada fuqaro D. Norjigitov o‘zining avvalgi ish joyiga tiklandi. Shu bilan birga, uning mehnat huquqlari to‘liq tiklanib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri