Askarlar maxsus kurslarda o‘qishga tayyorlanmoqda
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi Termiz, Xayrobod va Kakaydi garnizonlarida joylashgan harbiy qismlarda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagi bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun maxsus tayyorlov kurslari tashkil etildi. O‘quv kurslarida ularga zamonaviy kasb-hunar o‘rgatilmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun tayyorlamoqda.
Mashg‘ulotlar zamonaviy usulda jihozlangan xonalarda harbiy qism komandirlari, biriktirilgan umumta’lim maktablari direktorlari va xususiy ta’lim markazlari rahbarlari hamkorligida olib borilmoqda.

Janubdagi harbiy qismlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2026-yil 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Qurolli Kuchlar tizimida muddatli harbiy xizmatchilarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun qulay shart-sharoit yaratib, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shunga muvofiq ayni paytda muddatli harbiy xizmatchilar tajribali va malakali ustozlar ko‘magida fanlar bo‘yicha bilimlarini mustahkamlab, kirish imtihonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, harbiy qism va muassasalardan saralab olingan besh ming nafar harbiy xizmatchiga “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida soha sirlari bosqichma-bosqich o‘rgatilmoqda.

Tinch, totuv va to‘kin turmushimizni ta’minlayotgan muddatli harbiy xizmatchilarga yaratilgan bu imkoniyat milliy armiyamizni haqiqiy hayot maktabiga aylantirib, Vatanga sodiq, yuqori intellektual salohiyatga ega, jismonan sog‘lom va zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yoshlarni tarbiyalashda muhim omil bo‘ladi. Harbiy xizmatni o‘tash davrida kasb o‘rganishiga, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishiga ko‘maklashish orqali mard, jasur o‘g‘lonlarning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga qulay muhit yaratadi. Harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanib, bilim olish, kasb egallash va shaxsiy rivojlanishini yanada kengaytirib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri