AQSH xatolari Xitoyga yo‘l ochdi(+video)
AQSHning global siyosati Xitoyga kutilmagan imkoniyatlar yaratmoqda. Vashingtonning xatti-harakatlari dunyo kuchlar muvozanatini qanday o‘zgartirmoqda?
AQSHning dunyodagi yetakchi davlat bo‘lish uchun asosiy raqibi bo‘lgan Xitoy avval Trampning savdo urushidan, keyin esa AQSHning Eron bilan haqiqiy urushi tufayli kutilmagan foyda ko‘rdi.
Bu vaziyat qanday yuzaga keldi?
Xitoy hozirgi Fors ko‘rfazi urushida bevosita ishtiroke tmayapti. Ammo bir qator amerikalik ekspertlar aynan Xitoy bu urushdan eng ko‘p yutgan davlat bo‘layotganini aytmoqda. Ularning fikricha, Tramp urushni oldindan ogohlantirmasdan boshladi, katta energetik inqirozni keltirib chiqardi va AQSHning o‘z ittifoqchilarini himoya qilishga tayyorligi hamda imkoniyatini shubha ostiga qo‘ydi.
Amerikalik siyosatshunos Frensis Fukuyama fikricha, AQSH tobora dunyo barqarorligiga tahdid soladigan va boshqa davlatlar masxara qiladigan «muammoli davlat»ga o‘xshab bormoqda. Trampning Eronga hujumi va savdo urushlari AQSHni dunyo uchun beqaror va oldindan aytib bo‘lmaydigan kuch sifatida ko‘rsatdi. Natijada kommunistik Xitoy —dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiy va harbiy kuch sifatida ko‘rina boshladi.
AQSHning sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Julian Gevirsning fikricha, Vashington o‘z kuchini asta-sekin zaiflashtiryapti, ittifoqchilari bilan munosabatlarni buzmoqda va dunyoni o‘zidan uzoqlashtirmoqda.
Uning aytishicha, ko‘plab davlatlar Amerika faqat o‘z manfaatini o‘ylaydi, degan fikrga kelib, Xitoy bilan kelishishni AQSH bilan kelishishdan osonroq va ishonchliroq deb hisoblay boshlamoqda.
Nobel mukofoti sohibi Pol Krugman ham shunga o‘xshash fikrda. «Xitoy Eron urushida bevosita ishtirok etmadi. Ammo u AQSHning qiyin ahvolga tushganidan mamnun ekanini yashirmayapti. Urushning borishi va Xitoyning undagi roli dunyodagi kuchlar muvozanatini Xitoy foydasiga o‘zgartirdi. Shu ma’noda Amerika bu urushda yutqazdi, Xitoy esa yutdi», — deb hisoblaydi Krugman.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi Amerikaning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga va boshqa davlatlarga ham iqtisodiy va harbiy zarar yetkazdi. Xitoy esa bu vaziyatda barqarorlashtiruvchi kuch sifatida ko‘rindi. AQSHdan farqli o‘laroq, Pekin mintaqadagi deyarli barcha davlatlar bilan yaxshi munosabatlarni saqlashga harakat qiladi. Ekspertlarning fikricha, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi diplomatik ta’sir farqi tobora qisqarmoqda. Xitoy o‘zining yumshoqlik bilan harakatlanishini kuchaytiryapti, AQSH esa qurolli mojarolarga tobora ko‘proq tayanib, diplomatiyaning ahamiyatini pasaytirmoqda.
Shuning uchun Xitoy uchun endi eng katta vazifa — energetik xavfsizlikni ta’minlash, neft tashish erkinligini saqlash va bir vaqtning o‘zida ham Eron, ham Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish.
Qisqasi, Trampning siyosati AQSHning dunyodagi mavqeiga zarar yetkazib, Xitoyga yangi imkoniyatlar ochmoqda. Ammo Xitoy hali AQSHni to‘liq almashtira oladigan darajaga kelgani yo‘q.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA