AQSH universiteti delegatsiyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov AQSHning yetakchi tadqiqot universitetlaridan biri bo‘lgan Yuta universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha katta mas’ul xodimi Rendi Makkrillis boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, muhandislik, konchilik, materialshunoslik hamda zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya tarkibida universitetning xalqaro hamkorlik, materialshunoslik va konchilik muhandisligi sohalaridagi rahbar va ekspertlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda tashkil etilayotgan Global ta’lim va tadqiqotlar universitetini rivojlantirish, uning faoliyatiga Yuta universitetining ilg‘or akademik dasturlari, ta’lim texnologiyalari va xalqaro tajribasini jalb etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, muhandislik va sanoat tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, talabalar hamda professor-o‘qituvchilarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari va tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Yuta universiteti 1850-yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQSHning nufuzli tadqiqot universitetlari qatoriga kiradi. Oliygoh muhandislik, konchilik, materialshunoslik, tibbiyot va axborot texnologiyalari sohalaridagi kuchli ilmiy maktablari bilan tanilgan hamda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA