AQSH NATOdan chiqishi mumkinmi? (+video)
Yevropa davlatlari Eronga qarshi urushda qatnashishni istamagani uchun Donald Tramp NATOdan chiqish bilan ularga tahdid qildi, deb xabar berdi Euronews.
So‘nggi kunlarda Eron bilan bog‘liq ziddiyatlar sababli Tramp NATOni bir necha bor tanqid qildi. U hatto Yevropa davlatlari va boshqa ittifoqchilar AQSH-Isroil operatsiyasini qo‘llab-quvvatlamagani uchun AQSH NATO dan chiqishi mumkinligini e’lon qildi. Buni Tramp NATOga a’zo davlatlarning Hurmuz bo‘g‘oziga harbiy-dengiz kuchlarini yuborishdan bosh tortganidan keyin ma’lum qildi.
U intervyusida shunday dedi: “NATO meni hech qachon ishontira olmagan. Men doim alyansni kuchsiz tashkilot deb bilganman, ha aytgancha, bundan Vladimir Putin ham xabardor”-deb qo‘shimcha qilgan u.
Bu gaplardan keyin tabiiyki, turli savollar paydo bo‘ldi. Umuman, biror davlat NATO a’zoligidan chiqishi uchun nima qilishi kerak?
1949-yildagi NATO shartnomasining 13-moddasiga ko‘ra, alyansdan chiqmoqchi bo‘lgan davlat bu haqda rasman AQSHni xabardor qilishi kerak. Keyin AQSH buni boshqa a’zo davlatlarga yetkazadi va 1 yildan keyin chiqish rasman kuchga kiradi. Yevropa davlatlari va Kanada uchun bu jarayon oddiy bo‘lishi mumkin. Ammo AQSH uchun vaziyat murakkabroq. Chunki, AQSH NATO tashkilotida nafaqat a’zo davlat, balki tashkilotning shartnoma saqlovchisi ham hisoblanadi. Ya’ni, u barcha hujjatlar va rasmiy xabarlarni qabul qiladi.
2023-yilda Jo Bayden prezident sifatida shunday qonunni imzolaganki, unga ko‘ra prezidentning istagi bilan NATOdan chiqa olmaydi. Buning uchun Kongressning alohida qarori kerak. Shuningdek, davlat mablag‘larini alyansdan chiqish uchun ishlatish ham taqiqlangan.
Eng katta xavotir shundaki, AQSH rasman NATOda qolib, amalda o‘z majburiyatlarini bajarmasligi ham mumkin. Bu, ayniqsa, shartnomaning 5-moddasi ya’ni, o‘zaro himoya tamoyiliga ta’sir qiladi. Mutaxassislarning aytishicha, agar NATO a’zolari AQSHga ishonmay qo‘ysa, alyans amalda ishlamay qoladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hjHHC3cXN9U" title="AQSH NATOdan chiqishi mumkinmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA