AQSH Davlat kotibining tashrifi iqtisodiy hamkorlik uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
Qayd etish joizki, “C5+1” formati nafaqat ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, balki Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy manfaatlarini ilgari surish, mintaqaviy masalalar yuzasidan o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni shakllantirish va xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiluvchi muloqot maydonidir.
Xo‘sh, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning tashrifi O‘zbekiston uchun qanday siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi? “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikning kelgusi istiqbollariga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
O‘zA muxbiri mazkur tashrifning siyosiy-iqtisodiy ahamiyati, O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining istiqbollari hamda “C5+1” formati doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari xususida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Muxtor Nazirov fikrlarini yozib oldi.

– Avvalo, AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifini Vashingtonning Markaziy Osiyo bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorlikka e’tibori ortayotganining muhim ifodasi sifatida baholash mumkin.
Bu tashrif O‘zbekiston uchun AQSH bilan munosabatlarni amaliy mazmun bilan boyitish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va milliy manfaatlarga mos yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ilgari surish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir.
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro munosabatlarda o‘z manfaatlari va taraqqiyot ustuvorliklariga ega bo‘lgan mustaqil ishtirokchilar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy ishonchning mustahkamlanishi, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining rivojlanishi va amaliy hamkorlikning kengayishi tashqi sheriklar bilan muloqotda ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bu jarayonda O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, Samarqanddagi “C5+1” formatidagi uchrashuvning ahamiyatini faqat AQSH bilan aloqalarni kengaytirish doirasida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu maydon Markaziy Osiyoning besh davlatiga umumiy manfaatlarni ilgari surish, mintaqaviy muammolar bo‘yicha fikr almashish va tashqi sheriklar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi. Ayni paytda har bir davlatning milliy manfaatlari va tashqi siyosiy ustuvorliklari hisobga olinishi muhim.
Fikrimcha, uchrashuvning amaliy ahamiyati, eng avvalo, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish, transport va logistika aloqalarini rivojlantirish, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar hamda muhim mineral resurslar sohalaridagi imkoniyatlardan foydalanish bilan bog‘liq. Bu yo‘nalishlar O‘zbekiston uchun iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, eksport bozorlarini diversifikatsiyalash, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribani jalb etish nuqtai nazaridan muhimdir.
Ayniqsa, tashrif doirasida AQSH ishbilarmon doiralari vakillarining ishtiroki iqtisodiy kun tartibini amaliy loyihalar bilan boyitish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Biroq bunday muloqotning samarasi bildirilgan qiziqishlar yoki erishilgan siyosiy kelishuvlar bilangina emas, balki investitsiya majburiyatlarining aniqligi, loyihalarning amalga oshirilish sur’ati va ularning O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi bilan belgilanadi. Shu ma’noda, biznes muloqotini uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlariga aylantirish muhim vazifadir.
Yana bir muhim jihat, “C5+1” formati orqali mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatidir. Transport yo‘laklari, energetika, savdo va suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi masalalar bir davlat doirasi bilan cheklanmaydi. Ularni hal etishda mintaqaviy muvofiqlashuv tashqi sheriklar bilan hamkorlik samaradorligini oshirishi mumkin. Bunda AQSH bilan munosabatlarni rivojlantirish boshqa xalqaro sheriklar bilan aloqalarga muqobil sifatida emas, balki O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosati va iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiyalash strategiyasining bir qismi sifatida qaralishi lozim.
Umuman olganda, Samarqand uchrashuvining O‘zbekiston uchun asosiy ahamiyati AQSH bilan siyosiy muloqotni iqtisodiy natijalar bilan to‘ldirish, yangi investitsiya va texnologik hamkorlik imkoniyatlarini ishga solish hamda Markaziy Osiyoning xalqaro sheriklar bilan munosabatlardagi o‘rnini mustahkamlashdan iborat.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA