Antiradar nosoz chiqdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi A.O. tuman markazida joylashgan do‘konlarning biridan 5 million 496 ming so‘mga shartnoma asosida 24 oyga 229 ming so‘mdan bo‘lib to‘lash sharti bilan antiradar sotib olgan.
Oradan ko‘p o‘tmay antiradar ishlamay qolgach iste’molchi do‘kon bilan bog‘lanib qaytarib olishini so‘ragan. Ammo kutilgan natija olmagan. So‘ng iste’molchi antiradarni almashtirish yoki shartnomani bekor qilib berish bo‘yicha O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat Qo‘ng‘irot tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan to‘liq o‘rganib chiqildi. Ular ushbu masala yuzasidan do‘kon bosh ofisi muhandisi bilan bog‘lanib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bordi. Natijada iste’molchi xarid qilgan antiradar ta’mirlab berildi va murojaat ijobiy yechim topdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.