Andijonda 75 ming nafardan ziyod bolajon 1- sinfga qabul qilindi
Bugun 2026-2027 o‘quv yilining boshlanishi – “Bilimlar kuni” munosabati bilan butun yurtimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatidagi umumta’lim, Prezident, ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda nodavlat maktablarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish, umumta’lim maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ish uslublari, pedagogik texnologiyalar, xorijiy tajribalarni tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida ta’lim tizimida erishilayotgan yutuqlar salmog‘i yildan-yilga ortib bormoqda.
Joriy o‘quv yili oldidan Andijon viloyatidagi 98 ta maktabda qurilish-ta’mirlash, rekonstrukstiya ishlari amalga oshirildi. Jumladan, investitsiya dasturi doirasida 22 ta maktabda bajarilgan qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari natijasida ana shu ta’lim maskanlari qiyofasi butunlay yangilandi. Umuman, bu yil maktablarda tahsil oladigan 650 ming nafarga yaqin o‘quvchiga sifatli ta’lim-tarbiya berish uchun zarur barcha shart-sharoit yaratildi.
[gallery-31201]
Yangi o‘quv yilida viloyat bo‘yicha jami 75 ming 613 nafar bolajon 1-sinfga qabul qilindi. Ularga 12 xil turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Andijon shahridagi 31- umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida so‘z olgan Andijon shahar prokurori Farhodbek Rahmonov o‘quvchi va pedagoglarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami hamda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan muborakbod etib, Prezidentimizning “Bilimlar kuni” munosabati bilan mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Andijon shahridagi 31- umumta’lim maktabida o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan.
– Yangi o‘quv yilidan maktabimizga 416 nafar bolajon 1-sinfga o‘qishga qabul qilindi, – deydi ushbu maktab direktori Sevaraxon Umaraliyeva. – Umuman, joriy yilda maktabimizda 3 ming 600 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularga 200 nafardan ziyod pedagoglar ta’lim-tarbiya beradi. Xususan, o‘tgan o‘quv yilida maktabimizni tamomlagan 284 nafar bitiruvchidan 72 foizi davlat, nodavlat hamda xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi. Joriy o‘quv yilida bu ko‘rsatkichni yuz foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Bilimlar kuni munosabati bilan maktablar o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigida “...Ana shunday muhitda ulg‘ayib, kamolga yetayotgan, o‘qish, kasbiy ta’lim, “Ay-ti”,, ijodiy izlanishlar, sport, jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan ota-onalar va ustozlarni xursand qilayotgan o‘g‘il-qizlarimiz – bizning nurli kelajagimiz, oltin fondimizdir.
Bunday bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan, saflari yil sayin kengayib borayotgan farzandlarimiz timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz. Ularning har birini gurkirab o‘sadigan azim daraxt, yorug‘ istiqbolimiz ustunlari etib tarbiyalash – muqaddas vazifamizdir”, degan gaplari bizni yanada faol ishlashga ruhlantiradi.
Biz maktab pedagogik jamoasi o‘quvchilarga puxta va sifatli ta’lim berish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solib mehnat qilamiz.
O‘quvchilar, ayniqsa, maktab ostonasiga ilk qadam bosgan birinchi sinf o‘quvchilarida unutilmas taassurotlar qoldirgan birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari viloyatdagi barcha maktablarda yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tdi.
“Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida “Prezident tabrigi” o‘qib eshittirildi, darslar “Kelajak soati” mashg‘ulotlari bilan boshlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari