Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida korrupsion holatlar aniqlandi
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kiradi.
Xususan, u Bobur shahri hududidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 20 sotix yer mayдонини vakolatli mansabdor tanishlari orqali auksionga qo‘ydirib, so‘ngra yutib berish hamda mazkur fuqaro nomiga rasmiylashtirib, kelgusida bu joyda qurilish ishlari amalga oshirishi uchun ruxsatnoma olib berish evaziga 50 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘ini o‘zining yashash xonadonida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyatida qayd etilgan holatda esa, Namangan tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh arxitektori mahalliy oilaviy korxona rahbari tomonidan o‘z yashash xonadonining bir qismida qurilgan avtomobillar yuvish shaxobchasining loyiha hujjatlarini rasmiylashtirib berish hamda uni tasarruf etish bo‘yicha qo‘yilgan taqiqni bekor qilib berish evaziga 1500 AQSH dollari talab qiladi.
Shuningdek, joriy yilning 1-aprel kuni u 500 AQSH dollarini olib, qolgan qismini tezlashtirib berishini so‘raydi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs 1000 AQSH dollarini tamagirlik yo‘li bilan o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.
Ta’kidlash lozimki, oilaviy korxona rahbari avtomobillar yuvish shaxobchasini loyiha hujjatlarisiz qurganligi yuzasidan 2025-yilning dekabr oyida bosh arxitektor tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida sud tayinlagan 43 mln 300 ming so‘m miqdoridagi jarimani to‘lagan.
Lekin, shunga qaramay, bosh arxitektor unga qonuniy yechim ko‘rsatmay, aksincha korrupsion harakatlarni amalga oshirgan.
Bu kabi qonunbuzilishi Farg‘ona viloyatida ham kuzatildi. Jumladan, Qo‘shtepa tumani Qambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda 1999 y.t. mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, uni Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalaridan birining sirtqi yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har uchala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.