Amir Temur tarixiy merosiga bag‘ishlangan parlament konferensiyasi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Amir Temur: kuchli davlat barpo etish fenomeni, tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot” mavzusida parlament konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk davlat arbobi Amir Temurning davlat boshqaruvi sohasidagi boy tajribasini chuqur o‘rganish, uning tarixiy merosini zamonaviy davlat boshqaruviga uyg‘un holda tahlil qilishdan iborat.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har yil aprel oyi mamlakatimizda "Amir Temur oyligi" sifatida e’lon qilinib, mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy konferensiyalar hamda turli tadbirlar tashkil etiladi. Shuningdek, buyuk ajdodimizning davlat boshqaruvi va qaror qabul qilish madaniyatiga oid merosini ilmiy asosda o‘rganish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan konferensiya davomida Amir Temur davlatchiligida kuchli boshqaruv va adolat tamoyillari, milliy davlatchilik an’analari va zamonaviy taraqqiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, tarixiy merosning bugungi islohotlar jarayonidagi ahamiyati kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya ishtirokchilari bugungi sharoitda temuriylar boy merosini o‘rganish, ilmiy natijalarini keng targ‘ib qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish muhim ekanini alohida ta’kidladi. Amir Temur tomonidan barpo etilgan davlat boshqaruvi tizimida qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat, javobgarlik muqarrarligi va xalq manfaatlarini himoya qilish kabi tamoyillar ustuvor ahamiyat kasb etgan. Bu g‘oyalar bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham o‘z ifodasini topayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, Amir Temur davlati boshqaruvida muhim o‘rin tutgan ochiqlik, mas’uliyat va jamoaviy muhokama kabi tamoyillar bugungi kunda parlamentarizmni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar jarayoni bilan hamohang ekani aytib o‘tildi.
— Amir Temur davlatchiligining muvaffaqiyatini tushunish uchun uning faqat harbiy yurishlari yoki siyosiy g‘alabalariga emas, balki davlat boshqaruvi madaniyatiga, xususan, qaror qabul qilish mexanizmiga e’tibor qaratish lozim, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Yakubov. — Chunki har qanday kuchli davlat, avvalo, to‘g‘ri va adolatli qaror qabul qilish tizimiga tayanadi. Sohibqiron tomonidan shakllantirilgan bunday tizimning asosini qurultoy, kengash va mashvarat instituti tashkil etgan bo‘lib, ular o‘zaro uyg‘un holda ishlagan mukammal siyosiy mexanizmni ifodalaydi. “Temur tuzuklari”da yozilganidek, Amir Temur davlatni boshqarishda kengash va maslahatga katta e’tibor bergan: “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur.” Bu shuni anglatadiki, buyuk ajdodimiz merosida xalq bilan muloqot ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan.

Tadbirda “Temur tuzuklari” haqida ham to‘xtalib o‘tilib, unda adolat va inson manfaati ustuvor ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda tuzuklardagi normalar zamonaviy ijtimoiy davlat g‘oyalariga hamohang ekani aytib o‘tildi. Shuningdek, Sohibqiron merosini chuqur o‘rganish va uni yoshlar ongiga singdirish huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim omil sifatida urg‘ulandi.
Bu borada Amir Temurning davlat boshqaruvi tajribasini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish hamda amaliyotga samarali tatbiq etishda siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar va deputatlar oldidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA