Alohida ta’lim ehtiyoji mavjud o‘quvchilar bilan ishlash yangi bosqichga ko‘tariladi
Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan "Maktablardagi alohida ta’lim ehtiyojlari mavjud o‘quvchilar bilan ishlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Gulhayo Omonova, boshqarma hamda Ijtimoiy himoya agentligi viloyat bo‘limi mutaxassislari, inklyuziv sinflari mavjud maktablar rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirda maktablarda alohida ta’lim ehtiyojlari mavjud o‘quvchilar bilan ishlash borasida olib boriladigan ishlar, muhim vazifalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.


Davra suhbati davomida mutaxassis va ishtirokchilar tomonidan maktablarda "To‘siqsiz muhit"ni yaratish, alohida ta’lim ehtiyojlari mavjud o‘quvchilar bilan ishlashni yangi bosqichga ko‘tarish, mazkur jarayondagi zamonaviy yondashuvlar, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.


Shuningdek, boshqarma kadrlar bo‘limi, komplayens nazorat xizmati hamda Ijtimoiy himoya agentligi mas’ullari tomonidan ishtirokchilarga alohida ta’lim ehtiyoji mavjud o‘quvchilar bilan ishlashda individual yondashuvni ta’minlash hamda ularning ijtimoiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar, bu boradagi ishlarni belgilangan tartiblar asosida olib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri