Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining "Ishonch telefoni" ishga tushirildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining "Ishonch telefoni" ishga tushirildi. Endilikda, tadbirkorlar, ishbilarmonlar hamda fuqarolar etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarishda biron bir noqonuniy xatti-harakatlar yoki kontrabanda holatlariga duch kelgan taqdirda Inspeksiyaning +(71) 202 86 90 telefon raqamiga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, tovarlarning sifatini tasdiqlaydigan hujjatlarsiz sotish yoki majburiy ravishda raqamli markirovkalash qoidalarini buzish, soxta tadbirkorlik, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarishda ishtirok etgan shaxslarning xatti-harakatlar uchun qonunchilikda javobgarlik belgilangan.
Mamlakatimizda alkogol va tamaki bozorini tartibga solish, iste’mol bozorida sifatli mahsulotlarning qonuniy muomalaga kiritilishida barchamiz birdek mas’ulmiz.
O‘zA