Osteoporoz – suyaklarni yemiruvchi "soqov epidemiya"
20-oktabr – Butunjahon osteoporozga qarshi kurashish kuni
Ayrim xastaliklar tashqi belgilarsiz, hech qanday og‘riq yoki shikoyatlarsiz boshlanib, yillar davomida inson organizmini ichkaridan yemirib boradi. Shunday xavfli va ayni paytda eng ko‘p tarqalgan patologiyalardan biri bu, osteoporoz yoki tibbiy tilda aytganda, suyak to‘qimasi mo‘rtlashuvidir. Har yili 20-oktabr sanasida Butunjahon osteoporozga qarshi kurashish kunining keng nishonlanishi jiddiy ogohlantiruvchi global signal hisoblanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro osteoporoz fondi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda yer yuzida 500 milliondan ortiq inson ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda. Ayniqsa, bu kasallikning nogironlik va o‘lim holatlari bo‘yicha yurak-qon tomir, onkologik xastaliklar hamda qandli diabetdan keyingi o‘rinlardan birini egallab turgani uning naqadar jiddiy tibbiy-ijtimoiy muammo ekanini ko‘rsatadi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, osteoporoz ilmiy jihatdan uzoq vaqt davomida qarilikning tabiiy jarayoni yoki muqarrar holat sifatida qabul qilinib kelindi. Biroq XX asrning oxirlariga kelib, zamonaviy tibbiyot va diagnostika texnologiyalarining rivojlanishi bu yondashuvni butunlay o‘zgartirib yubordi. 1997-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadigan ushbu xalqaro sananing bosh maqsadi ham aholi o‘rtasida suyak salomatligi haqidagi bilimlarni oshirish, kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va eng muhimi, uning oldini olish madaniyatini shakllantirishdan iborat. Chunki osteoporoz dastlabki bosqichlarda o‘z alomatlarini umuman yuzaga chiqarmasligi bois, tibbiyotda haqli ravishda «soqov epidemiya» deb ataladi. Ko‘pincha bemor sog‘lom yurganida oddiy yiqilish yoki kundalik harakat vaqtida sodir bo‘lgan og‘ir sinishlargina kasallikning borligini fosh qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 50 yoshdan oshgan har uch ayoldan biri va har beshinchi erkakda osteoporoz keltirib chiqaradigan sinish holatlari kuzatiladi.
Sohadagi ilmiy tadqiqotlar va xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, suyak massasining kamayishi bir qator biologik, gormonal va turmush tarzi omillari bilan chambarchas bog‘liq. Xususan, ayollarda menopauza davri boshlanishi bilan estrogen gormoni miqdorining keskin kamayishi suyak to‘qimasini yangilovchi jarayonlarni izdan chiqaradi va suyaklarning kalsiyni yo‘qotishini tezlashtiradi. Shu bilan birga, noto‘g‘ri ovqatlanish, kalsiy va D vitamini yetishmovchiligi, kamharakatlik, tamaki mahsulotlari va alkogolni iste’mol qilish, shuningdek, ayrim dori vositalarini uzoq vaqt qabul qilish kasallik xavfini bir necha barobar oshiradi. Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, osteoporoz oqibatlarining oldini olishning eng samarali yo‘li birlamchi profilaktika va ommaviy skrining tizimini yo‘lga qo‘yish. Dunyoning yetakchi klinikalarida densitometriya (suyak zichligini o‘lchash) tekshiruvlari orqali xavf guruhidagi shaxslarni erta bosqichda aniqlash amaliyoti yuqori natijalar bermoqda.
Osteoporozning «yosharishi» va global tarqalishi sabablari ham ko‘pchilikni tashvishga solmoqda.
– Ilgarilari osteoporoz faqat keksa yoshdagi ayollarning kasalligi sifatida qaralar edi. Hozirgi kunga kelib esa u hatto 30-40 yoshdagi kishilar orasida ham uchrayotgani tibbiyot xodimlarini jiddiy o‘ylantirmoqda. Bunga zamonaviy hayot tarzi va bir qator salbiy omillar bevosita sabab bo‘lmoqda, – dedi soha mutaxassisi Odilbek Masharipov. – Zamonaviy insonlarning ko‘pchiligi soatlab o‘tirib ishlaydi (ofis sharoiti, kompyuter, gadjetlar). Jismoniy faoliyatning yetishmasligi suyaklarning kalsiyni o‘zlashtirishini sekinlashtiradi, chunki suyak mushaklar yuklamasi va harakat paytidagina mustahkamlanadi. Fast-fudlar, tuz va yog‘ ko‘p iste’mol qilinishi, shuningdek, gazli shirin ichimliklar (tarkibidagi fosfor kislotasi suyakdan kalsiyni yuvib chiqaradi) va haddan tashqari ko‘p kofe ichish suyaklarni ichkaridan zaiflashtiradi. Zamonaviy hayot ritmi odamlarning ochiq havoda, tabiiy quyosh nurida kam bo‘lishiga olib keldi. D vitamini esa organizmda kalsiyning to‘liq so‘rilishi uchun mas’ul asosiy kalit hisoblanadi. Shuningdek, tamaki mahsulotlari, energetik ichimliklar va spirtli ichkiliklarni iste’mol qilish yoshlar o‘rtasida suyak zichligining erta kamayishiga olib keladi. Doimiy stress esa suyak to‘qimasini yemiruvchi kortizol gormonining ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, ko‘pchilikni zamonaviy tibbiyot bu kasallikni butunlay davolay oladimi, degan savol qiziqtiradi. Osteoporozni mutlaq izi qolmasdan yo‘q bo‘lib ketadigan oddiy o‘tkir kasallik deb bo‘lmaydi, chunki yosh o‘tishi bilan inson tabiiy ravishda qartayish jarayonlarini boshidan kechiradi. Lekin uni to‘xtatish, suyak zichligini qayta tiklash va sinishlar xavfini minimal darajaga tushirish mumkin. Zamonaviy farmakologiyada suyak yemirilishini to‘xtatuvchi va uning yangilanishini kuchaytiruvchi maxsus dori vositalari mavjud. Agar kasallik o‘z vaqtida – boshlang‘ich bosqichda (osteopeniya davrida) aniqlansa, faqatgina turmush tarzini o‘zgartirish, maxsus davolash jismoniy mashqlari, to‘g‘ri ovqatlanish hamda kalsiy va D vitamini balansini tiklash orqali muammoni to‘liq bartaraf etish mumkin.
Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda aholi salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, surunkali va xavfli kasalliklarning oldini olish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, hududlarda skrining markazlarini tashkil etish va aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Keksa yoshdagi fuqarolar va menopauza davridagi ayollar o‘rtasida profilaktik ko‘riklarni o‘tkazish, suyak salomatligini baholash bo‘yicha zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlanish ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda.
Endokrinologiya, revmatologiya, travmatologiya-ortopediya va osteologiya yo‘nalishlarida yuqori malakali ilmiy maktablar va mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va boshqa yetakchi tibbiyot muassasalarida osteoporozni tashxislash va davolash bo‘yicha zamonaviy protokollar joriy etilgan. Poytaxtimiz va viloyatlardagi ko‘plab ilg‘or klinikalar suyak to‘qimasining zichligini aniqlab beruvchi zamonaviy densitometriya uskunalari bilan jihozlangan. Shunga qaramay, sohada hali o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammolar ham mavjud. Xususan, birlamchi tibbiy sanitariya yordami munosabatlarida osteoporoz xavflarini erta bosqichda baholash madaniyati to‘liq shakllanmagani, ko‘plab bemorlar faqatgina suyak sinishi ro‘y bergandan keyingina shifokorga murojaat qilishi va aholining bu boradagi xabardorligi yetarli emasligi jiddiy e’tibor qaratishni talab etadi.
– Osteoporozning oldini olish va uning og‘ir oqibatlaridan saqlanish uchun har bir inson yoshligidan boshlab o‘z salomatligiga befarq bo‘lmasligi kerak, – deydi O.Masharipov. – Buning uchun kundalik ratsionga kalsiyga boy mahsulotlar (sut mahsulotlari, ko‘katlar, baliq)ni kiritish, organizmni D vitamini bilan ta’minlash, muntazam ravishda jismoniy faoliyat (piyoda yurishni kanda qilmaslik, yengil gimnastika) bilan shug‘ullanish hamda zararli odatlardan voz kechish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tib, suyak zichligini tekshirtirib turishlari lozim.
Xulosa qilib aytganda, suyaklar mustahkamligi inson harakat erkinligi va faol uzoq umr ko‘rishining poydevoridir. Shu bois, bugungi kunda tibbiyot oldida turgan asosiy vazifa kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratgan holda, har bir fuqaroda o‘z salomatligiga nisbatan mas’uliyat hissini kuchaytirishdir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA