Aleksandr Kvasnevskiy: “Yangilangan strategiya O‘zbekiston taraqqiyotining yangi drayveriga aylanadi”
Xalqaro maslahatchilar kengashi a’zosi, Polshaning sobiq prezidenti Aleksandr Kvasnevskiy dunyodagi global tendensiyalar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilash tashabbusi va mamlakatning kelgusi taraqqiyot ustuvorliklari haqida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda dunyoda yangi va murakkab chaqiriqlar yuzaga kelmoqda, siyosiy jarayonlar esa oldindan bashorat qilish qiyin bo‘lgan bosqichga kirgan. Bunday sharoitda aniq va uzoqni ko‘zlagan strategiyaga ega bo‘lish juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aleksandr Kvasnevskiy O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusini o‘z vaqtida qabul qilingan va strategik ahamiyatga ega qaror sifatida baholab, uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Uning fikricha, O‘zbekiston yangilangan strategiyani amalga oshirish uchun mustahkam poydevorga ega. Jumladan, 2023 yilgi referendum orqali qabul qilingan yangi Konstitutsiya davlat taraqqiyoti uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Iqtisodiyot barqaror sur’atlarda rivojlanib bormoqda, 2025 yil ko‘rsatkichlari esa ijobiy dinamikani tasdiqlamoqda.
Shuningdek, mamlakatda faol va tashabbuskor yosh jamiyat shakllangani, shu bilan birga, fuqarolar va xalqaro hamjamiyat tomonidan hurmat qilinadigan pragmatik va samarali rahbariyat mavjudligi qayd etildi.
Yangilangan strategiyada iqtisodiyot tuzilmasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yuqori texnologiyali va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish sohalariga investitsiyalarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilanishi zarurligi ta’kidlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan ushbu yo‘nalishlar kelgusi yillarda asosiy iqtisodiy taraqqiyot drayveriga aylanadi.
Investorlar uchun yanada qulay va barqaror muhit yaratish strategiyaning muhim tarkibiy qismi bo‘lishi lozimligi qayd etildi. Bunday muhit qonun ustuvorligi, shaffoflik, o‘zaro ishonch va ishonchlilik tamoyillariga asoslanishi, bu esa uzoq muddatli hamkorlikni ta’minlashi ta’kidlandi.
Aleksandr Kvasnevskiy yangilangan strategiya muvozanatli va tinchlikparvar tashqi siyosatning tayanchiga aylanishini ham qayd etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi, Rossiya, Xitoy, AQSH va boshqa mamlakatlar bilan mustahkam va samarali hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston mintaqada yetakchi davlat sifatida o‘z nufuziga ega ekani, ushbu mavqeni saqlab qolish va yanada mustahkamlash strategik ahamiyatga egaligi qayd etildi.
Uning fikricha, mamlakatdagi dinamik jamiyat va Prezident Shavkat Mirziyoyevning dono, pragmatik va uzoqni ko‘zlagan rahbarligi ostida belgilangan maqsadlarga erishiladi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim va barqaror natijalarni ta’minlaydi.
O‘zA