«Al-Hilol» Luis Dias uchun 130 million yevrogacha to‘lashga tayyor
Dastlab futbolchining o‘zi bilan shartnoma shartlarini kelishib olishni rejalashtirayotgan klub unga yiliga naqd 25 million yevro maosh taklif etmoqda.
Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi «Bavariya» vingeri Luis Diasni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy harakat boshladi. Goal.com nashrining xabar berishicha, osiyoliklar kolumbiyalik yulduz uchun ulkan mablag‘ ajratishga shaylanmoqda.
Dastlab futbolchining o‘zi bilan shartnoma shartlarini kelishib olishni rejalashtirayotgan klub unga yiliga naqd 25 million yevro maosh taklif etmoqda. Shaxsiy shartnoma hal etilgach, «Al-Hilol» transfer borasida «Bavariya» rahbariyati bilan muzokaralarga kirishadi. Taxminiy transfer summasi 100-130 million yevro oralig‘ida baholanmoqda.
Agar ushbu transfer muvaffaqiyatli yakunlansa, Luis Dias Saudiya Pro-ligasi tarixidagi eng qimmat xarid sifatida tarixga kiradi. Hozirgi rekord 2023 yilda «PSJ»dan 90 million yevro evaziga sotib olingan braziliyalik Neymarga tegishli bo‘lib turibdi.
Ma’lumot o‘rnida, «Al-Hilol»ning umumiy transfer byudjeti 300 million yevroni tashkil etadi. Shu boisdan, Luis Diasning xaridi klubning yagona yirik transferi bo‘lib qolmasligi va yozda yana boshqa shov-shuvli xaridlar ham amalga oshirilishi kutilmoqda.