Lionel Messi JCh–2026dan so‘ng ilk bor ommaviy tadbirda ko‘rinish berdi (foto)
Stadion kirish qismida o‘z kumirini yaqindan ko‘rishni istagan ishqibozlarning uzun navbati hosil bo‘ldi.
Argentina milliy jamoasi hamda AQShning «Inter Mayami» klubi hujumchisi Lionel Messi 2026 yilgi mundial yakunlangach, ilk bor omma oldida ko‘rinish berdi.
39 yoshli yulduz futbolchi bu safar maydonga tushmadi, balki o‘yinni tribunadan kuzatib bordi. Messi o‘g‘li Mateo bilan birgalikda Argentinaning quyi divizioni – Primera C vakillari «Leones» hamda «Sentral Kordova» jamoalari o‘rtasidagi bahsni bevosita stadiondan tomosha qilish uchun Rosarioga tashrif buyurdi.

Arena tribunalarini to‘ldirgan muxlislar afsonaviy hujumchini olqishlar bilan kutib olishdi. Kameralar o‘ziga qaratilganini sezgan Leo muxlislarga kulimsirab qo‘l ko‘targancha salom yo‘lladi va a’lo kayfiyatda ekanini namoyon etdi. Stadion kirish qismida esa o‘z kumirini yaqindan ko‘rishni istagan ishqibozlarning uzun navbati hosil bo‘ldi.