Akademiyada ta’lim sifati oshmoqda: Ustozlar bayramida yangi imkoniyatlar
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir avvalida faxriylar Akademiyaning o‘quv bazasi bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, zamonaviy o‘quv va laboratoriya xonalari, kursantlar yotoqxonasi ko‘zdan kechirilib, ta’lim va tarbiya jarayoni uchun yaratilgan sharoitlar namoyish etildi.
Tashrif davomida kursantlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi o‘quv xonasi, shuningdek, zamonaviy sharoitlarga ega kursantlar yotoqxonasi foydalanishga topshirildi.
[gallery-31706]
Ob’ektlarning foydalanishga topshirilishi Akademiyada ta’lim sifatini oshirish, kursantlarning o‘quv va yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Bayram tadbirining rasmiy qismida ustoz va murabbiylarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish sohasida malakali, mas’uliyatli va fidoyi kadrlarni tayyorlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ko‘p yillik tajribaga ega faxriylar bilan yosh avlod vakillari o‘rtasidagi muloqot ustoz-shogirdlik an’analarini davom ettirish va kasbiy tajribani avloddan-avlodga yetkazish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbir ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning mashaqqatli va sharafli mehnatini e’tirof etish hamda Akademiyada shakllangan ustoz-shogirdlik an’analarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA