Ajdodlardan meros adolat
Samarqand shahrida Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Soliq qo‘mitasi tomonidan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari vakillari ishtirok etgan anjumanning dastlabki kunida qatnashchilar shahardagi temuriylarga oid tarixiy obidalar – Amir Temur maqbarasi, Amir Temur jome masjidida bo‘lib, sulola tarixi, qadamjolarning bunyod etilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar oldi. Samarqand viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Amir Temur davlatchiligida iqtisodiy munosabatlar mavzusidagi sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Tarixchi olimlar, iqtisodchilar mavzuga oid qiziqarli ma’lumotlarni qayd etdi, Sohibqironning xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirgan iqtisodiy islohotlari tilga olindi.
Ikkinchi kun o‘tkazilgan ilmiy anjumanda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti olimlari va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan Amir Temur davlatchiligiga oid ma’ruzalar taqdim etildi. Bu ma’ruzalarda Sohibqiron shaxsiyati, uning davlat boshqaruvi va iqtisodiy siyosati, “Temur tuzuklari”ning bugungi kundagi ma’naviy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-28520]
– Amir Temurning davlat boshqaruvidagi qat’iyati, lavozimlarga munosib kishilarni tanlash siyosati ko‘p bora e’tirof etilgan, – deydi Soliq qo‘mitasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boshqarmasi boshlig‘i To‘rabek To‘rayev. – Samarqandda o‘tkazilgan ushbu anjuman nafaqat ilmiy jihatdan, balki siyosiy va ijtimoiy ahamiyati bilan ham alohida e’tiborga loyiq. Zero, Amir Temur merosini o‘rganish orqali davlat boshqaruvida adolat, qonuniylik va xalq manfaatlariga xizmat qilish kabi tamoyillar yanada mustahkamlanadi. Bu esa bugungi kunda davlat idoralari, xususan, soliq tizimi faoliyatida ochiqlik va ishonch muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda hududiy boshqarmalar vakillarini bir joyga yig‘ib, tarixchi olimlar tomonidan Sohibqiron bobomizning adolatli davlat boshqaruvi bo‘yicha muhim ma’lumotlarni ularga yetkazishga harakat qildik.
Anjumanda Temuriylar davridagi tartib-intizom, kuchli davlatchilik va iqtisodiy barqarorlik masalalari bugungi islohotlar bilan uyg‘un holda talqin qilingani alohida mazmun kasb etdi. Bu tizimdagi yosh mutaxassislarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni halol va fidoyi xizmatga undashda muhim ahamiyatga ega.
Amir Temur va temuriylar davri ilm-ma’rifat yuksalgan, adolat qaror topgan, jamiyat rivojlangan bir davr sifatida yillar davomida e’tirof etib kelinmoqda. O‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarini bugungi davrga uyg‘unlashtirish kelajakning nechog‘lik qudratli bo‘lishini ta’minlaydi. Faqatgina avlodlar ham ajdodlari singari mamlakat va millat taqdiri uchun daxldorlik hissini tuyib, birlashsagina ko‘zlangan manzillarga yanada yaqinlashadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari