Ajdodlar merosi bunyodkorlar nigohida
Qaror va ijro
Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mamlakatimizda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi.

Mazkur qarorning asosiy maqsadi "Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish" hisoblanadi.
Endi mamlakatimizda har yili aprel oyi — "Amir Temur oyligi" deb e’lon qilindi. Uning doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiriladi.

Mazkur sa’y- harakatlarga Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ham keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, soha xodimlari o‘rtasida ommaviy diktant tadbirlariga start berildi.

Unda Mis boyitish fabrikasi, Angren va Kovuldi kon boshqarmalari, Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati, Texnik tizimlar xavfsizligi xizmati, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi, Suv ta’minoti sexi kabi korxonalarda, rahbarlar va ishchi-xodimlar Sohibqiron hayoti va faoliyatiga oid matn asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Ushbu tadbirlar milliy qadriyatlarni ulug‘lash va ajdodlar merosini o‘rganish maqsadida tasdiqlangan reja asosida tizimli ishlar davom ettiriladi.

Shuningdek, “Olmaliqmetallurgqurilish” trestida ham ushbu sana munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazilish belgilandi. Jarayonda ishchilar uchun ijodkorlar bilan madaniy uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari, Samarqand viloyatiga sayohatlar tashkil etiladi.
A. Musayev, O‘zA