Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash – ustuvor vazifa
Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, soha infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda hududlarda suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda yirik investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilib, millionlab aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda, mavjud tarmoqlar esa bosqichma-bosqich yangilanmoqda.
“O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda aynan shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda Respublikamizda 38 million aholining 82,8 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Qolgan aholining 5,9 foizi suv tashish xizmatlari orqali, 11,3 foizi esa muqobil manbalardan foydalanib kelmoqda.
So‘nggi 9 yil davomida sohani rivojlantirish uchun jami 35 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, uning 58,4 foizi so‘nggi uch yil hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mablag‘larning 55 foizi Respublika byudjeti mablag‘lari, 45 foizi esa xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga shakllantirilgan.
Mazkur sarmoyalar asosida 3,6 mingdan ortiq suv inshootlari barpo etildi va 42 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar tortildi. Natijada 789 ta mahalladagi 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, yana 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 1,1 million aholi oqova suv tizimlariga ulandi.
Brifingda qayd etilishicha, hududlarda amalga oshirilgan yirik loyihalar sohadagi islohotlarning amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.
Jumladan, “To‘palang” suv ombori negizida amalga oshirilgan loyiha doirasida Termiz shahrigacha 246 kilometr magistral tarmoqlar tortildi. Sariosiyo tumanida quvvati 200 ming kub metr bo‘lgan suv tozalash inshooti hamda qator tumanlarda 8 ta suv taqsimlash inshootlari barpo etildi. Buning natijasida Termiz shahri va viloyatning 10 ta tumanidagi 137 ta mahallada yashovchi 541,8 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilandi.
Jizzax viloyatida Zarafshon daryosi suvlaridan samarali foydalanish orqali Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahridagi 286 ming aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
Shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda ham qator muhim loyihalar amalga oshirildi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent viloyatidagi “Qodiriya” suv inshooti rekonstruksiya qilinib, Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi 265 ming aholining suv ta’minoti barqarorlashtirildi, 8 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suviga ega bo‘ldi.
Ma’lumot berilishicha, jahon banki ishtirokida Buxoro viloyatida amalga oshirilgan loyiha doirasida “Dvoynik” suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinib, Olot va Qorako‘l tumanlaridagi qariyb 280 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyatida esa “Hisorak” suv ombori suvlaridan foydalanish orqali yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning natijasida viloyatda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
2026-yilda ham sohadagi ishlar izchil davom ettiriladi. Xususan, 1,2 trillion so‘m byudjet mablag‘lari va 500 million dollar xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 2,1 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari hamda 88 ta suv inshootini qurish belgilangan.
Bu ishlar natijasida 97 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 176 ta mahalladagi 2,18 million aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Shu orqali aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 83,8 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, 2035-yilgacha mo‘ljallangan strategiya doirasida Respublika aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 93 foizga, oqova suv xizmatlari qamrovini esa 32 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA