Afg‘oniston va Pokiston keskinlikni yumshatishga kelishdi
Afg‘oniston va Pokiston Xitoyning Urumchi shahrida o‘tkazilgan uch tomonlama muzokaralar yakunida mintaqaviy keskinlikni pasaytirish bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi.
XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ningning ma’lum qilishicha, tomonlar mavjud ixtiloflarni faqat muloqot va diplomatiya orqali hal qilishga kelishib oldi.
1–7-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan muzokaralarda har uch mamlakatning diplomatik korpus va mudofaa hamda xavfsizlik idoralaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etdi. Norasmiy muloqotlar davomida tomonlar mintaqaviy barqarorlikka tahdid solayotgan masalalarni kompleks tarzda ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralar jarayonida Afg‘oniston va Pokiston vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan bir tomonlama harakatlardan tiyilishga va’da berib, mavjud ixtiloflarni hal qilishda bevosita maslahatlashuv va diplomatik aloqalarni eng samarali yo‘l sifatida tan olishdi.
Mao Ning ta’kidlashicha, rasmiy Pekin nafaqat muzokara maydonini yaratish, balki mintaqaviy xavfsizlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlashda faol vositachi bo‘lishga doim tayyor.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA