Senat Trampning vakolatini cheklamoqchi
AQSH Senati Eron bilan bog‘liq harbiy harakat bo‘yicha prezident vakolatini cheklash masalasini muhokama qiladi. Demokratlar yetakchisi Chak Shumer Kongress o‘z rolini kuchaytirishi kerakligini bildirdi. Uning fikricha, endi hujum faqat parlament roziligi bilan amalga oshirilishi lozim. Bu tashabbus ikki haftalik sulh ortidan ilgari surildi.
Tramp avval keskin bayonot bilan chiqib, infratuzilmaga zarba berish ehtimolini bildirgan edi. Mamlakat ichida tanqidga sabab bo‘lgan bu holat xalqaro hamjamiyatda ham xavotir uyg‘otdi. Demokratlar fikricha, harbiy amaliyot kutilgan natijani bermay, aksincha iqtisodiy bosimni kuchaytirgan. Ayniqsa, yonilg‘i narxi oshishi mavzu atrofidagi bahsni yanada avj oldirdi.
Oq uy esa Prezident qarorlari qonun doirasida ekanini takrorlamoqda. Respublikachilarning aksari shunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlayapti. AQSH Konstitutsiyasida urush e’lon qilish vakolati Kongressga berilgan bo‘lsa-da, qisqa muddatli operatsiyalar bo‘yicha talqin turlicha. Shu bois, ayni masalada siyosiy va huquqiy tortishuv davom etyapti.
Vakillar palatasida ham shunga o‘xshash tashabbus ko‘tarildi. Demokratlar yetakchisi Xoakim Jeffris bu urushni mas’uliyatsiz qaror sifatida baholab, uzoq muddatli yechim diplomatiya orqali topilishi kerakligini qayd etdi.
Shu tariqa yana AQSH ichki siyosiy bahs maydonini tashqi siyosat egallamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA