“Adolat”: harakatchanlik va faollikni oshirish davr talabi
Nukusda O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining navbatdagi II Plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda Partiya shahar va tuman Kengashlari raislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari va partiya faollari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Ijroiya qo‘mitasining hamda O‘zbekiston “Adolat” SDPning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasining 2024 yildagi faoliyati va 2025 yilgi ustuvor vazifalari, Kengashning Ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari va byudjetdan tashqari mablag‘larining ijrosi hamda joriy yilgi byudjetining asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda mahalliy Kengashlari tomonidan partiyaning bir qator loyihalari asosida samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Muammo bilan yuzma-yuz”, “Siyosiy-huquqiy bilimlarni mustahkamlash – demokratik jamiyat poydevori”, “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz”, “Adolatli jamiyat olimlarga tayanadi”, “Maktabgacha ta’lim – kadrlar tayyorlashning birlamchi bo‘g‘ini”, “Sog‘lom turmush tarzi yo‘lida birlashaylik”, “Ta’lim sifati-partiya e’tiborida”, “Tinchlik, farovonlik va taraqqiyot yo‘lida birlashaylik”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Tozalik yo‘lida birlashaylik” kabi loyihalar doirasida partiyaning barcha darajadagi bo‘g‘inlarida jami 4 ming 164 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 84 ming 891 nafar ishtirokchi qamrab olindi.
Barcha shahar va tuman Kengashlarida partiya faollari va deputatlardan iborat ishchi guruhlari tashkil etilib, haftaning har chorshanba kuni muntazam ravishda mahallalarda aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘rnatildi. Ishchi guruh a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 911 ta mahalladagi 22 ming 56 ta xonadon va 894 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektda bo‘ldi. Ushbu uchrashuvlar mobaynida aholi tomonidan 1 ming 259 ta murojaat kelib tushdi. Ular yuzasidan tegishli mutasaddi organlar rahbarlariga 108 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, shundan, 250 tasi ijobiy yechimini topdi. 901 ta murojaat joyida huquqiy maslahat berish orqali hal etildi.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham qayd etildi. Jumladan, Qonliko‘l va To‘rtko‘l tumanlari partiya Kengashlari tomonidan a’zolik badal tushumlari yillik rejasi bajarilmasdan qolgan.
O‘zbekiston “Adolat” SDPning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi fraksiyasi a’zolari tomonidan hisobot davrida 50 dan ortiq uchrashuv tashkil etilib, saylovchilar murojaatlari asosida hokimliklar, mutasaddi korxona hamda tashkilot rahbarlariga 23 ta deputatlik so‘rovi yuborildi va ular o‘zining ijobiy yechimini topdi. Plenum yakunida ishtirokchilar harakatchanlik va faollikni yanada oshirish, partiya elektorati va saylovchilar ishonchini qozonishning barcha zaruriy choralarini ko‘rish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Barcha ko‘rilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri