A-379 yo‘lida avtohalokatlar oldini olish chora-tadbirlari ko‘riladi
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda komissiya raisi Nazira Tog‘ayeva boshchiligida komissiya a’zolari va ekspert guruhi ishtirok etdi.
Eshituvda IIB JXX YHXB mas’ul xodimi Murodillo Jo‘rayevning “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining belgilangan oraliqlarida tezlikni cheklash masalasi yuzasidan axboroti tinglandi.

Ushbu avtomobil yo‘lining uzunligi 289 kilometrni tashkil etib, Konimex, Tomdi va Uchquduq tumanlari hamda Zarafshon shahrini viloyat markazi bilan bog‘lab turadi.

– Avtomobil yo‘li 2 ta harakatlanish bo‘lagidan iborat bo‘lib, 55 ta xavfli burilish mavjud, – deydi M.Jo‘rayev. – Transport vositalari aksariyat hollarda ko‘rinish cheklangan joylarda va yo‘lning toraygan uchastkalarida quvib o‘tishni amalga oshirish vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlanishi natijasida yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqarmoqda. Jumladan, 2021-2025-yillar davomida mazkur avtomobil yo‘lida 217 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 200 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. 99 nafar fuqaro esa bevaqt olamdan o‘tgan. Joriy yilning 3 oyida esa 13 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, 15 nafar shaxs vafot etgan.

Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, viloyat hududidan o‘tgan “Navoiy-Uchquduq” avtomobil yo‘lining 6 ta belgilangan oraliqda transport vositalari harakati tezligini 100 km/soatdan 80 km/soatga tushirish taklif qilindi. Shuningdek, ushbu yo‘l oralig‘ida temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashish va yo‘lovchi poyezdlari qatnovi sonini ko‘paytirish taklifi ilgari surildi.
Masala navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri