Raqamlar ortidagi inson taqdiri
Senatning Buxorodagi sayyor majlisida aholi bandligi, daromad manbalarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Kambag‘allikni qisqartirish — bu faqat statistik ko‘rsatkichlarni pasaytirish yoki muayyan miqdordagi oilani ro‘yxatdan chiqarish emas. Bu, avvalo, insonni doimiy daromad manbaiga ega qilish, uni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka yo‘naltirish, oila iqtisodiy barqarorligini ta’minlash va ertangi kunga ishonch uyg‘otish demakdir.
Bugun yurtimizda inson qadri va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ham aynan shu maqsadga — ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan ularni mustaqil daromad topadigan, farovon hayot kechiradigan oilalarga aylantirishga qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir. Dastur doirasida har bir xonadonning imkoniyatini ishga solish, aholini daromadli mehnatga jalb qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni manzilli qisqartirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Shu nuqtai nazardan Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining Buxoro viloyatida o‘tkazilgan sayyor majlisi ayni masalaning hayotdagi natijalari, mavjud muammolar va hali yechimini kutayotgan masalalarni muhokama qilishda muhim maydon bo‘ldi.


Sayyor majlisda aholi bandligini ta’minlash, barqaror daromad manbalarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda Buxoro viloyatida kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. E’tiborlisi, bu jarayonda mahallabay ishlash tizimi muhim mexanizmga aylandi. Har bir oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati o‘rganilib, uning muammosi umumiy raqamlar ichida emas, balki xonadon kesimida ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa yordamning manzilli bo‘lishi, imkoniyat va ehtiyoj o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
2025-yilda viloyatda 277,9 ming nafar fuqaro daromadli mehnat bilan band qilindi va reja ko‘rsatkichlari 103 foizga bajarildi. Joriy yil boshida esa viloyatda 31,6 mingta kambag‘al oila, ularning 126,4 ming nafar a’zosi aniqlangan bo‘lib, kambag‘allik darajasi 6 foizni tashkil etgan. Biroq raqamlar harakatsiz statistika emas. Ularning ortida minglab oilalarning turmushi, rejalari, farzandlarining kelajagi va insonlarning mehnat qilishga bo‘lgan intilishi mujassam. Shu bois joriy yilning yanvar-iyul oylarida 10 639 ta oilaning 32 487 nafar a’zosini barqaror bandlik xizmatlari bilan qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 16 041 ta oilaning 66 159 nafar a’zosi ushbu xizmatlar bilan qamrab olindi. Ya’ni reja oilalar bo‘yicha 151 foizga, ularning a’zolari bo‘yicha esa 204 foizga bajarildi. Bu natijalar ta’sirida viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshiga nisbatan 1,6 foiz punktga kamayib, 4,4 foizni tashkil etdi.
Bu — e’tiborga molik natija. Ammo natija bilan birga yanada katta mas’uliyat ham yuzaga keladi: kambag‘allikdan chiqqan oilani yana orqaga qaytarib qo‘ymaslik, uning daromadini barqarorlashtirish va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash. Sayyor majlisda aynan shu jihatga jiddiy e’tibor qaratildi. Senatorlar tomonidan kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlash, ularga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish, kasb-hunarga o‘qitish, doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirish masalalari tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.



Zero, bir oilaga kredit ajratishning o‘zi hali uning kambag‘allikdan chiqqanini anglatmaydi. Muhimi — ajratilgan mablag‘ qaysi maqsadga yo‘naltirildi, tadbirkorlik ishga tushdimi, mahsulot yoki xizmat yaratildimi, oilada doimiy daromad paydo bo‘ldimi? Xuddi shu kabi, fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish ham natija emas, natijaga olib boruvchi vositadir. Asosiy mezon — o‘qitilgan inson o‘zlashtirgan kasbi orqali daromad topyaptimi? Shu nuqtai nazardan parlament nazoratining kuchaytirilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir ajratilgan mablag‘, har bir o‘quv kursi, har bir ish o‘rni yakunda inson hayotida sezilarli o‘zgarish berishi kerak.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev, qo‘mita raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasida Buxoro shahridagi B. Naqshband mahallasida bo‘lib, “Mahallalarni rivojlantirish va aholi bandligi” yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu yerda “mahalla yettiligi”ning faoliyati, aholi muammolarini aniqlash va ularni hal etish mexanizmi o‘rganildi.
Ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, doimiy yoki mavsumiy ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, oilalarning barqaror daromad manbalarini shakllantirish borasidagi ishlarga baho berildi. Aslida mahallabay ishlash tizimining ahamiyati ham shunda: muammo markazdagi umumiy statistikadan ko‘ra, uning kelib chiqish joyida — xonadonda, oilada ko‘rinadi. Kimgadir kasb kerak. Kimgadir kredit emas, bozor topishda ko‘mak zarur. Yana bir oilaga tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha maslahat kerak bo‘lishi mumkin. Boshqa bir fuqaro esa zamonaviy kasbni o‘rganib, munosib ish topishga muhtoj. Demak, “bir oila — bir yondashuv” tamoyili qanchalik aniq ishlasa, natija ham shunchalik samarali bo‘ladi.
Sayyor majlisning yana bir muhim jihati — unda faqat erishilgan natijalar emas, balki mavjud kamchiliklar ham ochiq muhokama qilinganidir. Senator va deputatlar aholini ish bilan ta’minlashda o‘z yechimini kutayotgan masalalar, mas’ul tashkilotlar faoliyatidagi ayrim xato va kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi. Bu boradagi tanqidni shunchaki tanqid sifatida emas, balki tizimni takomillashtirishga qaratilgan parlament nazorati sifatida baholash mumkin.


Chunki kambag‘allikni qisqartirishda eng katta xavf — raqam orttirishga berilib ketish. Agar bir oila rasman kambag‘allar ro‘yxatidan chiqsa-yu, amalda uning daromadi barqaror bo‘lmasa, muammo bartaraf etilgan hisoblanmaydi. Shuning uchun endilikda asosiy mezon “qancha oila kambag‘allikdan chiqarildi?” degan savol bilan cheklanmasligi kerak. Uning davomi ham bor: “Bu oilalar qancha vaqt davomida barqaror daromadga ega bo‘ldi?” Ana shu savolga ishonchli javob berilgandagina natija barqaror natijaga aylanadi.
Sayyor majlis doirasida mahalliy Kengash deputatlari, hududiy rahbarlar va mas’ul tashkilotlar vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda Senatning 20-yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi, qabul qilingan qarorlarning ijrosi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bu ham parlament nazoratining muhim jihatini ko‘rsatadi: qaror qabul qilishning o‘zi emas, uning hududda qanday ijro etilayotgani, odamlar hayotida qanday o‘zgarish berayotgani muhim.
Sayyor majlis yakunida aholi farovonligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini yanada kuchaytirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri