Markaziy Osiyo mamlakatlari suv muammolariga birgalikda yechim izlamoqda
Suv resurslarini asrash, ulardan oqilona foydalanish va kelajak avlod uchun yetarli suv zaxirasini saqlab qolish bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Aholi sonining o‘sishi, iqtisodiyotning suvga bo‘lgan ehtiyoji ortishi va iqlim o‘zgarishi mintaqada suv resurslarini birgalikda boshqarishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda Turkmanistonning Avaza milliy turistik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan galdagi muloqot Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda mintaqada suv xavfsizligini ta’minlash, suv resurslarini birgalikda boshqarish va suv sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mavjud muammolarga birgalikda yechim topish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, suv hisobini raqamlashtirish, ma’lumot almashinuvini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qurg‘oqchilik va toshqinlar xavfini pasaytirish, Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ham fikr almashildi.
Uchrashuvda suv, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi o‘zaro bog‘liq ekani qayd etilib, ushbu sohalarda mamlakatlar manfaatlariga mos yechimlarni birgalikda ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Muhim mavzulardan yana biri Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish bo‘ldi. 2027-yil yanvar oyidan Jamg‘armaga raislik O‘zbekistonga o‘tishi munosabati bilan suv resurslarini birgalikda boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida mintaqada suv resurslarini asrash, ulardan samarali foydalanish va mavjud muammolarni o‘zaro kelishuv asosida hal etish uchun hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligiga urg‘u berilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA