O‘zbekistonda sug‘oriladigan maydonlar umumiy yer fondida qancha ulushga ega?
Mamlakatimizning umumiy yer maydoni 44,9 million gektarni tashkil etsada, shundan atigi 4,4 million gektari sug‘oriladigan yerlardir. Bu mamlakat umumiy hududining 9,8 foiziga teng. Xo‘sh, yer resurslari qanday taqsimlangan va sug‘oriladigan maydonlar umumiy yer fondida qanday o‘rin tutadi?
Aslida mamlakatimiz hududining qanchasi qishloq xo‘jaligiga, qanchasi o‘rmonlarga, aholi punktlari va boshqa maqsadlarga ajratilgan? Yer fondining tarkibiga nazar tashlasak, mamlakatimiz yer resurslari qanday taqsimlanganini bilib olish mumkin.
Davlat kadastrlari palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yerlarning eng katta qismi qishloq xo‘jaligiga ajratilgan.
Qayd etilishicha, mamlakat yer fondi sakkizta toifaga bo‘linadi. Ularning maydoni quyidagicha taqsimlangan:
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar — 25,9 million gektar;
Tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar — 4,3 million gektar;
Zaxira yerlar — 1,5 million gektar;
Suv fondi yerlari — 1,2 million gektar;
Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar — 827,8 ming gektar;
Aholi punktlari yerlari — 216,7 ming gektar;
Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar — 34,5 ming gektar.
Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinadiki, yer fondida eng katta ulush qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan maydonlarga to‘g‘ri keladi. Ularning hajmi 25,9 million gektar bo‘lib, mamlakat umumiy yer maydonining qariyb 57,7 foizini tashkil etadi.
O‘rmon fondi yerlari esa 11 million gektarni egallaydi. Bu umumiy maydonning qariyb to‘rtdan bir qismi demakdir. Yana bir muhim jihat — sug‘oriladigan yerlar ulushi. Raqamlarga e’tibor qaratilsa, respublikamizdagi jami yerlarning atigi 9,8 % sug‘oriladigan yerlarni tashkil etadi. Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu aholi boshiga 11 sotixdan to‘g‘ri keladi. Ushbu yerlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, shu bois yer resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va suvni tejash masalalari alohida e’tibor talab qiladi.
Yer fondi tarkibi mamlakatning tabiiy resurslari, iqtisodiy faoliyati va hududiy rivojlanishi uchun muhim asos hisoblanadi. Shuning uchun yerlarning hisobini yuritish, ulardan belgilangan maqsadda foydalanish va muhofaza qilish nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar manfaati uchun ham dolzarbdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA