IT sohasida zamonaviy mutaxassislar zaxirasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Poytaxt hokimligida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari A.Dusmuhamedov hamda IT Park Uzbekistan bosh direktori A.Karamatov ishtirokida maktab davridan boshlab zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, kelgusida IT sohasida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishi mumkin bo‘lgan yoshlar zaxirasini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda poytaxtda raqamlashtirish, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, robototexnika, IT-ta’lim va startap ekotizimini rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud loyihalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Xususan, innovatsion g‘oyalarni amaliy loyiha va barqaror biznesga aylantirishga xizmat qiluvchi inkubatsiya dasturlarini, startaplarni jadal rivojlantirish, investitsiya jalb qilish va bozorga olib chiqishga qaratilgan akseleratsiya dasturlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Toshkent shahri maktablarida axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va robototexnika yo‘nalishlaridagi ta’limni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Bunda ilg‘or xalqaro ta’lim dasturlarini mahalliy o‘quv jarayoniga integratsiya qilish, amaliy tajribaga ega mutaxassislarni jalb etish hamda o‘quvchilarni real texnologik loyihalar ustida ishlashga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Toshkent shahar hokimligi va IT Park Uzbekistan o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha doimiy hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA