58-Xalqaro kimyo olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tadi
Markaziy Osiyo tarixida ilk bor nufuzli 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi mamlakatimizda o‘tkaziladi.
Shu yilning 2026-yil 10-19-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan mazkur olimpiada yurtimizning ta’lim sohasidagi islohotlari, bilimga chanqoq yoshlarning intilishlarini namoyish etadi.
Ayni paytda mazkur yirik xalqaro ma’rifiy tadbir o‘quvchilarimiz turli davlatlardagi tengdoshlari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu nainki yosh iqtidorlar uchun katta imkoniyat, balki O‘zbekistonning global ilmiy maydondagi nufuzini yana bir bor namoyon etuvchi muhim voqea.
Mazkur olimpiada dunyoning 95 mamlakatidan kelgan eng iqtidorli o‘quvchilarni bir maydonga jamlaydi. O‘zbekiston esa ushbu nufuzli tadbirga mezbonlik qilish orqali iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan rivoji yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.
Bu fan sohasidagi xalqaro ishonch belgisi bo‘lishi bilan birga, yosh avlodning ilmiy salohiyatini rag‘batlantirishda Vatanimiz uchun muhim qadam.
N.Usmonova,
O‘zA