500 million so‘mlik dori vositalarining yashirin savdosiga chek qo‘yildi
Poytaxtda dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan qiymati qariyb 500 million so‘mlik dori vositalari aniqlanib, noqonuniy muomaladan chiqarib olindi.
Bojxona qo‘mitasi hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi vakillari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yangixayot tumanida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.
Dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tadbir davomida kuzatuvga olingan avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida avtomashinaning orqa o‘rindig‘ida turgan sumkadan xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan 2 nomdagi 60 dona dori vositasi aniqlandi.

Shundan so‘ng tezkor tadbirlar davom ettirilib, gumonlanuvchi fuqaroning ijarada yashayotgan xonadonida ham ko‘zdan kechirish ishlari olib borildi. U yerdan xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 24 nomdagi 1211 dona dori vositasi topildi va belgilangan tartibda bayonnoma asosida rasmiylashtirib olindi.

Tezkor tadbirlar doirasida gumonlanuvchining farzandiga tegishli xonadon ham ko‘zdan kechirildi. U yerda ham tegishli hujjatlarsiz saqlanayotgan xorijda ishlab chiqarilgan 3 nomdagi 9590 dona dori vositasi aniqlandi. Shu tariqa, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 29 nomdagi 10 ming 861 dona xorijda ishlab chiqarilgan dori vositasi noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan dori vositalarining umumiy qiymati 500 million so‘mni tashkil etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA