23 ta dorixona litsenziyasi bekor qilindi
2026-yilning birinchi choragida farmatsevtika sohasida nazorat choralari kuchaytirilib, qonunbuzilishlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi. Xususan, «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasining farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi tomonidan litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzgan 23 ta dorixonaning litsenziyasi bekor qilindi.
Mazkur dorixonalarda dori vositalarini muvofiqlik sertifikatlarisiz saqlash va sotish, shuningdek, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlarni realizatsiya qilish holatlari aniqlangan. Bu kabi qonunbuzilishlar aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llanildi.
Litsenziyasi bekor qilingan dorixonalar Andijon, Buxoro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent shahri va Xorazm viloyatlarida joylashgan. Ular hamda ushbu sub’ektlar xodimlari maxsus reyestrga kiritildi. Bu esa kelgusida sohada shaffoflikni ta’minlash va qonunbuzarliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmatsevtika bozorida tartib-intizomni kuchaytirish, ayniqsa, dori vositalari sifatini nazorat qilish aholi salomatligini muhofaza qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, litsenziya talablariga rioya etmagan sub’ektlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, qonunchilikka muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni sertifikatsiz saqlash yoki sotish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan yoki qalbaki mahsulotlarni tarqatish jiddiy huquqbuzarlik sifatida baholanadi va bu holatlarda litsenziya bekor qilinishigacha bo‘lgan choralar qo‘llaniladi.
Farminspeksiya boshqarmasi ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilishini, qonunbuzar sub’ektlar ro‘yxati muntazam ravishda ochiq e’lon qilib borilishini ta’kidladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA