2025-yilda “NKMK” AJ tomonidan 135,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi
Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2026-yildagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, kombinat faoliyatining samaradorligini oshirish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va eng yaxshi jahon standartlariga rioya qilish uchun korporativ boshqaruvning yondashuvlari doimiy ravishda takomillashtirilmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida hujjatlar va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash hamda nazorat qilish uchun zamonaviy tizim joriy etilgan.

– 2025-yilda 135,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 2024-yilga nisbatan 102,1 foizga teng bo‘ldi, – deydi “NKMK”AJ bosh direktorining 1-o‘rinbosari Jahongir Hasanov. – Mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,15 million troy unsiya oltinni tashkil etdi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida esa 1,4 trillion so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi. Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida 7,3 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi.

Kombinatda investitsiya dasturi doirasida 561 million dollarlik mablag‘ o‘zlashtirilib, yangi loyihalarni amalga oshirish va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobiga 2 628 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Muruntov” konini o‘zlashtirish V navbat 1-bosqich” investitsiya loyihasi amalga oshirildi. 2-gidrometallurgiya zavodida sorbsiya va regeneratsiya sexlariga qo‘shimcha 30 ta sorbsion uskuna, quyultirish sexiga 2 ta quyultirgich qurish, 16-nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish, maydalash sexining ikkinchi binosini kengaytirish va sexning ikkinchi navbati loyihasi asosida 33-tegirmon blokini montaj qilish ishlari olib borildi. “7-gidrometallurgiya zavodining qayta ishlash quvvatini kengaytirish” investitsiya loyihasi doirasida 4 ta yangi maydalash tegirmoni ishga tushirildi.

“Qoqpatas va Dovg‘iztov oltin konlarida ma’dan qazib olish (III navbati)” investitsiya loyihasi doirasida 3-gidrometallurgiya zavodi biooksidlash sexida 9- va 10-biooksidlash modullari, “Dovg‘iztov” konida uzunligi 1,9 ming metrlik davriy oqim texnologiyasi majmuasi ishga tushirildi. “Zarmitan konining quyi gorizontlarini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida zamonaviy muhandislik inshooti – diametri 6,5 metr va chuqurligi 1000 metr bo‘lgan “Skipli” shaxta stvoli faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, 2025-yilda “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan “NKMK” AJga ‘3’ darajasida va umumiy 51 ball bilan ilk bor korporativ ESG-reytingi berildi. ESG-reytingini berishda agentlik kompaniyaning barqaror rivojlanish strategiyasi va tashabbuslari, korporativ boshqaruv amaliyotlari hamda ijtimoiy va ekologik ta’sirini ijobiy baholadi. “Fitch Ratings” hamda “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklari “NKMK” AJning uzoq muddatli kredit reytingini “Barqaror” prognozi bilan “BB” darajasiga ko‘tardi. Reytingdagi ijobiy o‘zgarish kompaniyaning mustahkam moliyaviy holati va faoliyatining barqarorligini aks ettiradi. London fond birjasida umumiy qiymati 500 million dollarga teng korporativ obligatsiyalar muomalaga chiqarildi va joylashtirildi.
2025-yilda kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘nalishida Komplayens xizmati tomonidan 24 ta banddan iborat chora-tadbirlar dasturi hamda 9 ta banddan iborat yo‘l xaritasi to‘liq bajarildi.
– Yakunlangan yilda 8 074 ta ichki idoraviy hujjat loyihalari korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi, – deydi kombinat Komplayens xizmati rahbari Rustam Avezov. – 1 478 ta funksiya baholanib, shundan 1 ta “yuqori”, 19 ta “o‘rta” va 1 458 ta “past” darajadagi xavf-xatarlar aniqlandi hamda ularning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan 14 ta banddan iborat chora-tadbirlar dasturi ijrosi to‘liq ta’minlandi. Kombinat ishchi-xodimlari bilan 146 marotaba huquqiy targ‘ibot va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Ishga qabul qilingan nomzodlarni tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma talablari asosida 4 610 nafar nomzod ustidan tekshiruvlar amalga oshirildi. Kombinatda faoliyat yuritayotgan 5 499 nafar boshqaruv xodimlari yillik ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirdi. 2025-yil iyul oyida “NKMK” AJ Markaziy apparati xalqaro sertifikatlovchi tashkilot tomonidan 1-bosqich kuzatuv auditidan o‘tkazilib, ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standart talablariga muvofiqligi tasdiqlandi.
Tadbirda OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri