20-oktyabr – Odil Yoqubov tavallud topgan kun
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi Odil Yoqubov bilan “Rabotnitsa” jurnali muxbiri Irina Juravskaya suhbati.
Kecha va bugunning saboqlari
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi Odil Yoqubov bilan “Rabotnitsa” jurnali muxbiri Irina Juravskaya suhbati
Toshkentning qoq markazida, kattakon binoning peshtoqiga katta-katta harflar bilan tanish shior bitilgan “Oq oltinni oltin qoʻllar yaratadi”. Kuni kecha oʻrnatilgan emas, ehtimol, ertaga ham olib qoʻyilmas. Boshqa payt eʼtibor ham qilmasdim. Hozir esa – zirapchaday koʻzga qadalib turibdi. Oltin qoʻllar, oq oltin gullab yashnayotgan Oʻzbekiston, cheksiz paxta dalasining oʻrtasida milliy libosda momiq paxta koʻsagini ushlab jilmayib turgan qiz... Biz rekordlar haqida oʻqirdik jurnallarning yaltiroq zarvaraqlarini tomosha qilardik, chit koʻylaklar kiyib yurar, paxtadan boʻlgan kiyim-kechaklar taqchil boʻlib qolsa, paxtakordan nolir edik, ammo biz oltin qoʻllar oq oltin uchun chekayotgan zahmatning haqiqiy bahosini bilarmidik?
Oʻzbekiston xalq yozuvchi Odil Yoqubov haqida gap orasida aytib qolishdi: respublikada poraxoʻrlik va uyushgan jinoyatchi toʻdalarga qarshi kurash boshlanishidan oʻn yil oldin u oʻz kurashini boshlagan. Bu gap oʻsha yillar yozilgan. “Diyonat” romaniga tegishli. Yozuvchiga minglab maktublar keldi: “Bizning raisni yozibsiz-da”, “Bizda ham ahvol xuddi shunday”. Haqiqiy “qahramon” ham (oʻshanda uni qoʻshtirnoqsiz yozishardi) oʻzini tanidi, albatta. Yoʻq, vahshatli, sohibqudrat rais kitob oʻqimasdi biroq asar boʻyicha televideniyeda qoʻyilgan besh qismli filmni koʻrdi... Doʻq-poʻpisalar boshqa choralar boʻldi, lekin bugun soʻz bu haqda emas. Albatta, bir hisobda shu toʻgʻrida ham.
– Odil Egamberdiyevich, Yozuvchilar soyuzining soʻnggi plenumida koʻp ijodkorlar oʻz roman va dostonlarini bir chetga qoʻyib, publitsistika yozishga kirishganlarini, boʻlib oʻtgan voqealarni anglashga urinayotganlarini aytdingiz. Oʻzingizni ham nazarda tutgansiz, shunday emasmi?
– Bilasizmi, shunday narsalar borki, bugun – ular haqida oʻqish, soʻzlash biz uchun juda ogʻir, biroq ana shu tozarishni boshdan kechirishimiz va bizdan boshqa hech kim aytmaydigan gaplarni aytishimiz kerak. Bugun koʻp narsa ayon boʻldi. Ha, biz tilloga koʻmilgan yashirin millionlarni adolatli va shafqatsiz jazolayapsiz, yuksak lavozimli kazzoblar toʻdasining yangi-yangi jinoyatlari oshkor boʻlmoqda, lekin bir fikrning azobi menga tinchlik bermaydi: bu millionlarni oʻz teri, qoni va nihoyat, hayoti evaziga yaratgan oddiy inson taqdiri yana bizning eʼtiborimiz va marhamatimizdan chetda panada qolib ketmaydi?
Keyingi oʻn yilliklar bizning xalqimiz uchun fojiaviy davr boʻldi. Respublika ustida, uning partiya tashkiloti tepasida oʻzgacha, aytish mumkinki, asabiy shuhratparastlikka oʻch, dehqonlarga, umuman odamlarga nisbatan alohida shafqatsizlikka chalingan kishi turardi. Dehqon esa – xalqimizning oʻzagi. U juda kamsuqum, mehnatkash, ana shunaqa bizning dehqon, biroq unda tinimsiz ishlaydigan odamga xos itoatkorlik hech toʻlmaydigan sabr kosasi, cheksiz toqat ham bor. Bu, ayniqsa, ayollarga koʻpincha erlariga qaram boʻlib qolgan mushtiparlarga xos. Yerimizning butunligini asrab turgan ana shu insonlar respublika tepasidagi kazzoblar tomonidan xoʻrlangan, ezilgan, haqoratlangan edilar. Ularning qoʻlida xalq istagan narsasini yasasa boʻladigan yumshoq loyday boʻlib qolgandi.
Bizning juda koʻp ofatlarimiz paxta monokulturasining izchil va qatʼiyat bilan joriy qilingani tufayli yuz berdi. Oʻzingizga maʼlum, Marksning iborasi bilan aytganda, har qanday monokultura – tabiat ustidan zoʻravonlikdir. U muqarrar odamlarga qarshi ofatga ham aylanadi. Oʻrta Osiyoning eng goʻzal joylaridan birida – Fargʻona vodiysida paxta ekilmagan loysuvoq uylarning tomlarigina qolgandir. Har bir parcha yer hisobga olingan, uyning ostonasidan paxta dalasi boshlanadi. Almashlab ekish normalariga rioya qilmaslik gʻoʻzaning kasallanishiga olib keldi, shunda zaharli ximikatning eng dahshatli turlari paxta dalalariga, demak, atrofdagi uylarning tomlariga odamlarning – qariyalar, ayollar, bolalarning bosh-ustiga sepildi. Ommaviy zaharlanishlar koʻplab ichak kasalliklari tajovuzi yuz berdi, ammo vrachlarni boshqa diagnoz qoʻyishga majbur qildilar. Vaqt bizdan qanchalar shafqatsiz inson fojialarini oshirib turibdi! Bilaman, vijdonga, burchiga qarshi borolmagan vrachlar boʻlgan – ular Moskvaga borib, boʻlayotgan voqealar haqida gapirib berishga urinishgan. Ular quvgʻin qilingan, doʻq-poʻpisalarga duchor boʻlgan, baʼzilari jinnixonaga tushib qolganlar. Qoʻrquv ogʻizlarga qulf solgan, qoʻrquv odamlar ustidan hukm yurgizgan.
– Ijtimoiy yemirilishning har qanday koʻrinishi birinchi navbatda ayollarda – uning iqtisodiy, maʼnaviy qiyofasida va nihoyat, sogʻligʻida aks etishini koʻp bor koʻrdik. Afsuski, buni biz kechikib tushunayapmiz. Konstitutsiyada qayd etilgan tenglik birdaniga ayollar muammosini hal qilib yubordi, degan fikrdan voz kechish qiyin. Biroq, achchiq boʻlsa ham shunday qilishga toʻgʻri keladi. Axir, Oʻzbekistonda kechgan voqealar – buning isboti emasmi?
– Bizning asosiy dardimiz, shoʻrishimiz shundaki, besh yoki olti (qoʻshib yozishlar bilan) million tonna paxtaning hamma ogʻirligi, monokulturaning hamma shafqatsizligi ayollar, qizlar, bolalarning nozik yelkalariga tushdi.
Bir voqeani hali koʻp yillar unutolmasam kerak. Bu uyatli ish biz yozuvchilarning masʼuliyatimiz haqida ham gapirishga undaydi. Bir kuni oqsoqol yubilyar – shoirimiz boshchiligidagi bir guruh ijodkorlar Andijon oblastiga joʻnadik. Oʻsha paytlar bunaqa dabdabali “xalq ichiga yurish”lar koʻp boʻlar edi. Menga oʻxshash toʻrt-besh qorni toʻq, barvasta laureantlar, xalq yozuvchilari va hokazo. Kuz edi. Bizda kuz har xil keladi – goho dekabrgacha iliq boʻladi, oʻsha yili odatdagidan erta sovuq yomgʻirlar tusha boshlagandi. Izgʻirin yelardi. Biz-ku bilardik oʻz kunimizni koʻrib bordik – yomgʻirpoʻshlar, soyabonlar... Bizni bir kolxozga olib borishdi, oblast tashkilotlaridan boshliqlar qoʻshilishda. Asosan ayollar, aytish kerak, goʻzal ayollar – oblast kasaba soyuzlarining raisi, ideologiya sekretari. Umuman, oʻttizga yaqin kazo-kazolar. Bir shiyponga keldik. Tayyorlanib ulgurishmagani koʻrinib turibdi, bir tomonda yomgʻir, namgarchilik. Shiyponda na stol, na kursi bor unda-bunda koʻrpacha tashlangan. Yozuvchilar uchun nihoyat izlab stol topishdi. Oʻtirib oldik. Qarayman: ana daladan olti-yetti qiz chiqishdi, - menga ishonarmikinsiz? – bu dahshat! Poyabzalsiz, yalang oyoqlar, erkaklarnikiday kattakon tovonlar, qoʻllar-chi... Turgan-bitgani qadoq. Yoʻq, bu ayol qoʻllari emas, erkalik, navozish uchun yaratilgan ayolning barmoqlari bunaqa boʻlmasligi kerak. Axir, oʻsha qizlar bor-yoʻgʻi oʻn oltiga endi kirayotgan edilar. Ularning ikkitasi – tugʻma nogiron boʻlib, ogʻizlari qiyshaygan, koʻzlari gʻilay boqardi, zaharli dorilar ularni shu koʻyga solgandi (bugun zaharli dorilarning genotipga taʼsiri aniqlangan). Shunday qilib yana allaqayerdan 10 tacha maktab oʻquvchisini haydab kelishdi polga oʻtirgʻizishdi va buyuk yozuvchilarimizning xalq bilan uchrashuvi boshlandi. Oqsoqolimiz goʻyo qarshisida Moskva Davlat universitetining auditoriyasida ikki ming filolog talabalar turganday yarim soatlik maʼruzasini xotirjam oʻqidi. Uning balandparvoz nutqi yarimlaganda, nogiron qizlarning biri noqulay qimirlab qoʻydi, shekilli, yigʻilish raisi (dilbar, qatʼiyatli ayol oblastga nom taratgan, baland lavozimli xonim) haligi qizga bir talay qargʻish, qichqiriqlarni yogʻdirdi... Biz boʻlsak – hayot koʻrgan, maʼnaviy boyigan odamlar, – boshimizni quyi solib, jim oʻtirdik. Tartibga chaqirmadik bosib qoʻymadik. Sheʼrlarimizni oʻqib, uchrashuvni tugatib, tashlandiq bogʻning bir chetidagi bezatilgan toʻqin dasturxonga qarab itoatkorona ergashdik. Qizlar dalaga qaytishdi.
Nima uchun biz ularga hech boʻlmaganda kirza etiklar berishni talab qilmadik, nega jim turdik? Oradan yillar oʻtdi, ammo, men ishonamanki, hech birimizni oʻsha paytidagi sukutimiz uchun uyat hissi tark etgan emas...
Shunday boʻlsa ham, shaxsan men uchun aynan shu mavzu – ayollarimiz taqdiri – eng tashvishli va ogʻriqli mavzuga aylandi. Rosti gap, siz haqsiz, ayol taqdirida bizning umumiy ofatlarimiz koʻzgudagidek aks etadi. Oʻzimda boridagidan yaxshiroq koʻrinmoqchi emasman, ehtimol, ajdodlarimizdan meros qolgan ayolga nisbatan yuzaki munosabat menga ham xosdir – nima qilay! Ammo Oʻrta Osiyo ayollari taqdirini, mehnatini uzoq yillar kuzatishim men uchun izsiz ketmadi.
Bilasizmi, men qandaydir gʻalati, ikki yoqlama tuygʻu bilan yashardim: Toshkent, Samarqand boshqa bir har qanday katta shahar boʻylab borarkansan, oʻzbek ayollarini koʻrib, asrlar boʻyi ularning haqiqiy goʻzallar sanalib kelganiga ajablanmaysan. Bizning talaba qizlarimizga, yosh ayollarimizga qarang – yaxshi kiyingan, jamalak sochlar... Oʻzingiz bilasiz, ular oʻqishadi, ishlashadi, oʻzlariga mustaqil, aqlli, muomalali... Keyingi kuni qishloqqa yoʻling tushadi. Ozib-toʻzib ketgan quyoshda qoraygan, qashshoqlik va ayovsiz mehnatdan oʻttiz yoshida ham kampirday koʻrinadigan qiz-juvonlar. Qoʻllari kir-chir – baʼzilar oʻylaganidek, bu ularning farosatsizligidan emas – chunki na hammom, na toza suv, na sharoit bor. Tongdan shomgacha – ketmon. Siz uni loaqal koʻtarib koʻrganmisiz? Qirq besh yoshida ayol bu ketmonni koʻtara olmay qoladi u yogʻi nima boʻlarkin?
Tushlikni koʻpdan buyon shiyponlarda qilishadi. Bolalarga shu yerning oʻzida kampirsholar qarashadi. Ifloslik, chivinlar yopishadi, yuvinishga joy yoʻq, daladan chiqiboq bolalarni emizishadi. Ichak kasalliklari – ana shundan, shu tufayli – mamlakatda eng yuqori bolalar oʻlimi. Qishloqdan shaharga qaytib, tun boʻyi uxlay olmaysan...
– Aytgancha, avvallari ayollarga paxtada ishlash man qilingan edi ham.
– Keling, ozroq tarixga nazar tashlaylik. Mening buvim ( u meni onam bilan birga tarbiyalagan, otamni 37-yilda qamashgan edi) doimo Oʻrta Osiyoga tinchlik ruslar bilan birga keldi, derdi. Ha, shunday. Oʻshangacha xonlar, beklar, mayda toʻralar oʻzaro janglarda yer talashar oddiy xalqni ezar edilar.
Bobomning hikoyalaridan bizga, qishlogʻimizga paxta qanday kelganini bildim. Men Chimkent oblastidan, qozogʻistonlik oʻzbeklardanman). Oʻris savdogarlari kelguncha deyarli hech kim paxta ekmagan – bugʻdoy, arpa, noʻxat, tariq ekishgan. Meva, sabzavotniku qoʻyavering, oʻzi oʻsib yotgan, yiliga uch bor hosil koʻtarishgan. Ammo savdogarlar zavod qurib, paxta ekishni tashviqot qilganlar. Avval qiyin koʻchgan, keyin xalqning oʻzi qiziqib qolgan: ana, kim paxta eksa, oʻsha boyib boryapti. Axir, oʻsha paytdagi oʻris savdogari bir pud paxta uchun oʻn sakkiz pud bugʻdoy berardi. Oilani boqish va roʻzgʻorga kerakli narsalarni sotib olish uchun olti qop paxta sotish kifoya edi. Ha, paxta rostdan ham farovonlik manbai edi. Bugun esa bir kilogramm paxta ikki kilogramm bugʻdoychalik ham baholanmaydi. Dunyo bozorida esa bir tonna paxtaga 20 tonna paxtaga 20 tonna bugʻdoy toʻlashmoqda-ku!
Ha, Stalin talab qilgan mamlakatning paxta mustaqilligi allaqachon bajarilgan, ammo uning ortida eng ogʻir va aytaylik, eng arzon mehnat ekspluatatsiyasi turibdi. Axir, paxtaning arzon baholanishi ish haqining pastligiga olib keladi. Hozir u oyiga 50-70 (gohida uning yarmi) soʻmni tashkil etadi. Bu maosh bilan erkak roʻzgʻor tebrata oladimi? Erkaklar bor-yoʻq kuchini, puxtaligi, ishbilarmonligini oʻrtaga solib, qishloqdan ketishga, allaqayerlardagi qurilishga, rayon markazlaridagi qarindoshlarinikiga oʻrnashib olishga uringanlar. Qishloqda eng chorasiz, mushtipar odamlar, albatta, ayollar qolgan. Ular paxta bilan yonma-yon qolganlar. Gʻoʻzaning har tupini yetti bor chopiq qilish kerak, bir gektarda esa kamida 100 ming tup gʻoʻza bor! Ayollar bilan yonma-yon qishloqda kaltabin, savodsiz raislar, boshliqlar, brigadirlar qolgan, bu zotlarni esa faqat “plan” degan muqaddas soʻzu yogʻliroq palov qiziqtirgan, xolos... Afsuski, bular ham xalqimiz vakillari...
Nozik, momiq paxta koʻsagi koʻplab ayollarimiz uchun qurbi yetmas ogʻirlikka, zahmat manbaiga aylandi. Shuncha yillar oʻtib, biz endigina paxtakor ayolning shafqatsizlarcha ogʻir mehnati haqida ochiq gapiryapmiz, yosh-yosh ayollar nafaqat ularga nisbatan boy-feodallarcha munosabat uchun, balkim qashshoqlik va ijtimoiy adolatsizlikdan ozurda boʻlib. Isyonning eng dahshatli yoʻli – oʻz-oʻzini yoqib yuborishni tanlayotganlarini aniq aytayapmiz. Oʻzimizning “Adabiyot gazeta”mizda ancha yillar ishlab, koʻp bor shunday bir – goʻyoki hamma narsani tushuntiradigan, aslida hamma narsani yashiradigan – qolipdagi iboraga duch kelganman: “Sizga nima kerak, axir, bularning bari – oʻtmish sarqitlari...”
– Bunday qarash hozir ham keng tarqalgan. Toʻgʻrisi, hali yana qancha fojialar dunyo nazaridan panada devor ortida yuz berarkin, yana qancha ayollar oʻsha feodal xulqli erning jabrlarini chekib qulday yashasharkin?! Vaqti kelguncha...
– Ha, shafqatsiz, yovvoyi odatlar ham bor, shunaqa. Keling, u holda masalaga boshqacha yondashib koʻraylik: agar ayol bolaligidan qullarnikiday ogʻir mehnat bilan ezilgan, qashshoqlikda xoʻrlangan boʻlmasa, yuksak madaniyat va ijtimoiy adolat koʻrib yashasa, u shu qullikka (hatto vaqtincha) toqat qilarmidi? Xoʻsh, nima uchun u oʻsha adolatga murojaat qilmaydi, nega oiladan tashqarida yordam boʻlishidan umid qilmaydi, bunga 70 yildan buyon oʻrganmadi? Biz yana javobni boy-feodallarcha oʻtmishdan izlab, oʻzimizga taskin berib oʻtiraveramizmi?
Oʻtgan yili oʻzini yoqishlar soni eng avjiga chiqdi – 270 ayol oʻzini yoqdi. U yuqumli kasallikday yildan-yilga oʻsmoqda. Yoʻq, shaharlarda, biroz topishi durust sabzavotchilik kolxozlarida emas, podsho ham, xudo ham – paxta boʻlgan qoloq qishloqlarda koʻpaymoqda bu ofat. Nima bu – tasodifmi? Shahidlar oʻzlaridan soʻng na qogʻoz, na vasiyatnoma qoldiradilar – bir siqim kul, kuygan-qoraygan tana qoladi ulardan... Ammo, biz tushunishimiz kerak-ku.
Mana, hali yoshgina qizaloqning taqdiri: yetti sinfni tugatgach, muhtojlik uni maktabni tashlashga majbur qiladi, qizcha dalaga – Paxta Hazratlariga boradi. U ishlayotgan brigadaning qishloqdan ancha kilometr uzoqda ham 50-60 gektar yeri bor edi. U yoqqa navbat-navbati bilan borishardi. Bu qizcha juda ishchan, itoatkor, moʻmin-qobil edi, deyishadi. U hech qachon yumushdan bosh tortmagan, bundan ustomonlik bilan foydalangan brigadir uni navbatga qaramay oʻsha uzoq yerga joʻnatavergan. Ammo bir kuni qizchaning joniga tegadi, borishdan bosh tortadi. Juda beshafqat boʻlgan brigadir qizlarni unga qarshi gij-gijlaydi, ishga chiqishga qoʻymaydi. Qizcha boʻlsa, oila boqishi kerak... Yana uni vatanparvarlik, burch, qochoqlik haqidagi iboralar bilan qoʻrqita boshlaganlar. Qizcha oʻlimni afzal koʻrgan...
Yoʻq, mening ishonchim komil – bu dahshatli fojialarning ildizi – ayol mehnatining dahshatli ekspluatatsiyasida, ijtimoiy adolatsizlikda. Axir, nima boʻlayapti? Fojia yuz berdi, demak, kimdir javob berishi lozim, kimnidir javob berishi lozim, kimnidir jazolash kerak, shundaymi? Agar gap boy-feodallik sarqitlarida boʻlsa, tabiiyki, er javobgar. Uni bir necha yilga ozodlikdan mahrum qilamiz, goʻyo shu bilan ish bitdi. Men esa boshqa bir voqeani ham yaxshi eslayman. Ikki bolasi bor ayol oʻziga kerosin quyib, yoqib yuboradi. Er chopib kelganda u hali tirik edi. Oʻzini unutib qoʻygan er ayolga tashlanib, uni qutqarishga urinadi... Ayol kasalxonada jon berdi. Er ham kuyib ado boʻlgan, unga qarashga yurak botinmasdi, qoʻrqinchli edi. Ha, ehtimol, uning ham aybi bordir. Ayolning hayotini yengillashtirolmagani uchun, mashaqqatli mehnatdan ozod qilolmagani uchun “gunohkor”dir. Ammo... Yana sud hukmi. Axir, bolalar qoldi. Yashashning qiyinligi uchun u aybdormi? Oʻshanda biz sud hukmini qayta koʻrib chiqishga erisholmadik. Koʻpincha “boy-feodallik sarqitlari” degan siyqasi chiqqan formula fojialarining haqiqiy ildizini koʻzdan yashirib keladi. Albatta, har bir shunday fojia nafaqat jinoiy, balkim juda jiddiy, juda chuqur sotsiologik tadqiq va tahlil qilinishi kerak. Shuningdek, biz fojianing ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy sabablarini ham oʻrganishimiz darkor. Aks holda “chora koʻrildi”, degan ibora siyqa soʻz sifatida qolaveradi.
– Hozir oʻzbek ayollarining sogʻligʻi muammosi juda koʻndalang turibdi. Kamqonlik, organizmning sillasi qurishi, kamquvvatlilik, turli ginekologik xastaliklar. Menga juda koʻpchilik mediklar aytishdiki, bularning sababi – koʻp tugʻish, goho har yili bola koʻrish ekan. Bu fikrda asos boʻlsa kerak.
Boshqa tomondan, keyingi vaqtlar hali u yondan hali bu yondan Oʻrta Osiyo respublikalarida tugʻilish xavf soladigan darajada koʻpayib ketayotganidan shovqin solib zorlanish eshitilib qolmoqda. Shundan soʻng respublikada tugʻmaslikka majbur qilishayotir, degan gaplar paydo boʻldi. Hozir aniqlandiki, bu koʻp tugʻishning oldini oluvchi, aslida kerak vositalarning noʻnoqlarcha tashviq etilganidan ekan. Shunday boʻlsa-da, biz koʻp bolalik muammolarini ham ijtimoiy muammolardan ayirib qaramasligimiz lozim!
– Men medik emasman, koʻp tugʻishning ayol organizmiga qanday taʼsir qilishi haqida, tabiiyki, biror narsa deyolmayman. Ehtimol, koʻp tugʻish unchalik foydalimasdir. Ammo bir narsani bilish uchun meditsina institutini bitirish shart emas: el farovon, hamma narsa yetarli boʻlsa, koʻp tugʻishning oqibati boshqa boʻladi, mashaqqatli mehnat, toʻyib yemaslik, oddiy turmush sharoitlari va meditsina xizmati xarob boʻlganda boshqacha boʻladi, bu aniq.
– Aytgancha, respublika Sogʻliqni saqlash ministrligida shuni ham gapirib berishdiki, Oʻzbekiston meditsina xodimlari yetishmasligi, yumshoq qilib aytganda, gʻalati rejalashtirish siyosati tufayli ham yuz berayotgan ekan. Butun ittifoqimiz boʻyicha vrachlar shtati taqsimlanishi har 10 ming aholiga nisbatan olinib, Oʻrta Osiyo respublikalari uchun ham Boltiqboʻyi uchun ham bir xil ekan. Holbuki, deylik, Estoniyada tugʻilish har 1000 kishiga 15,6 tadan, Oʻzbekistonda – 37,8 tadan toʻgʻri keladi. Farq bor-ku. Vrachlar shtatini ham, aytaylik, har 1000 tugʻilishga nisbatan olish mantiqliroq emasmi...
– Afsus, plan va mantiq har doim ham toʻgʻri kelmayapti. Lekin men tugʻilishning “xavf soladigan darajada” koʻpaygan masalasiga qaytmoqchiman. Koʻp bolalikning sabablaridan biri, menimcha, aynan shu qoloqlik, qishloqlarimizdagi turmush darajasining pastligidir. Yana shuni bilamanki, sizga qanchalik gʻayri-tabiiy tuyulmasin, koʻpchilik ayollar uchun tugʻish – paxtadan vaqtincha qutilishning yagona yoʻli boʻlib qolmoqda.
– Ehtimol millatlararo munosabatlarning goho xavotirli qiyofada ayon boʻlayotgan juda koʻp ogʻriqli muammolari qoʻshni respublikalar muammolarini tushunmaslik oqibatida yuz bermoqda.
– Afsuski, uzoq yillar Oʻzbekiston haqidagi tasavvurlar deylik, Rossiyada respublikaning sobiq rahbarlari xohlaganday boʻlib keldi. Gap faqat qoʻshib yozishlarda emas – bu keng koʻlamli koʻzboʻyamachilik edi. Rashidov davrida har bir oblastda 2-3 boshi silangan kolxoz va sovxozlar boʻlardi. Ularda shinam uylar ham qurilgan, yaxshi turmush sharoitlari yoʻlga qoʻyilgan. Keyin bizda koʻpchilik qatnashadigan serhasham tadbirlar koʻp oʻtkazilardi: ketma-ket ximiklar, fiziklar, adabiyotchilarning anjumanlari, musiqa haftaliklari – endi hammasini eslab boʻlarmidi?! Ammo hamma programmalarning bosh voqeasi, albatta, qishloqlarga tashrif buyurish edi. Ha, oʻsha shinam qishloqlarga-da. Buning ustiga hamma narsa yetarli, oʻsha paytlarga xos, ichimlik toʻla toʻkin dasturxonlar... yoʻl boʻylab “Chayka” va “Volga”lar gʻizillab yurar, mehmonlar “boy taassurotlar” yigʻar, hech kim mezbonlar koʻrsatgan hashamatli yoʻldan chiqib, oddiy odamlar qaynoq quyosh ostida jizgʻanak boʻlib kuyayotgan yerlarga borishni xayoliga ham keltirmasdi. Mehmonlar, oʻylaymanki, havas, biroz hasad bilan ketishardi – maza qilib yashashar ekan-a! Afsonani yoʻqqa chiqarish unga ishontirishdan koʻra qiyinroqdir.
... Yerimiz ham xoʻjasiz, ochkoʻzlarcha munosabatdan ado boʻldi. Uning eng omadli yillarda ayollar, keksalar, oʻquvchilar, shaharliklarning ham ogʻir mehnati tufayli, zaharli dorilar ishlatilganda ham besh million tonna paxta berolmagani ayon boʻldi-ku, endi yana bu yilgi plan – 5 million 230 ming tonna qayoqdan boʻladi?
Ha, paxtachilik hali qoloq usullar bilan olib borilmoqda, texnikadan foydalanish yoʻq hisobi 30 foiz yerni yoʻngʻichqa ekishga qoldirish – zarur shartlardan biri hisoblanmoqda. Demak, paxta ekishni qisqartirish kerak, lekin plan yana talab qilib turgan boʻlsa, qanday qisqartirish mumkin... Mana, men yana respublika Markaziy Komitetining paxtachilikka bagʻishlangan plenumida baʼzi raislarning gapini eshitib, quloqlarimga ishonmadim: zaharli ximikat – butifosni qaytarishni, yana qoʻllashni soʻrashyapti ular. Ha, oʻsha jamoatchilik fikri taʼsirida men qilingan zaharni! Bu nomardlarga ayollar, bolalar nima degan gap – plan boʻlsin, orden boʻlsin, palov boʻlsin! Nima. Hammasi yana takrorlanadimi? Bunga yoʻl qoʻyib beramizmi?
Kelinglar, birgalashib oʻylaylik, hisob-kitob qilaylik. Kelinglar, endi Brejnevning: “Oq oltinni oltin qoʻllar yaratadi”, degan soʻzlarini huda-behuda takrorlashni bas qilaylik. Nihoyat, bu qoʻllarni odamning qoʻli qiyofasiga keltirish fursati yetdi. Mayli bu oltin qoʻllar boʻlmasiasiga keltirish fursati yetdi. Mayli bu oltin qoʻllar boʻlmasi. Bizning mehnatkash, kamtar, shafqatga labbay, deb javob beradigan xalqimiz hech kimdan qarzdor boʻlib qolmaydi.
1988-yil – Moskva
Iskandar Yoqubov tayyorladi