190 ta jarimani to‘lamagan qarzdorning “Cobalt” avtomobili topildi
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan qidiruvdagi avtotransport vositalarini topish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi ish yurituvida mavjud bo‘lgan sudlarning ijro hujjatlariga asosan, qarzdor J.U.dan jami 116,7 mln. so‘mlik 190 ta yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimalarni undirish belgilangan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning nomida “Cobalt” rusumli avtomashina mavjudligi aniqlanib, ushbu avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan joriy yilning 3-iyun kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlaridan birida qarzdorga tegishli avtomashina Nukus ko‘chalarida topilib, jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Hamroz Bayonov, O‘zA