100 yillik vasiyat O‘zbekistonda amalga oshdi — Kurshat Zo‘rlu
Qadimiy va navqiron Samarqand shahrida buyuk tarixiy voqea ro‘y berdi. 1926-yilda Birinchi Boku turkologiya qurultoyida qabul qilingan, biroq o‘sha davrdagi qatag‘onlar va murakkab siyosiy sharoitlar tufayli amalga oshmay qolgan qarorning 100 yilligi munosabati bilan “100 yillik vasiyat: Samarqand turkologiya qurultoyi” yuqori saviyada tashkil etildi.
Samarqand davlat universiteti mezbonlik qilgan ushbu nufuzli anjumanning diqqat markazida Turkiya Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) Raisi o‘rinbosari, Turk davlatlari bilan aloqalar bo‘limi rahbari, professor Kurshat Zo‘rlu bo‘ldi.
Professor Kurshat Zo‘rlu qurultoyning ochilish marosimidagi nutqini turk va o‘zbek tillarida so‘zlab, xalqaro anjuman ishtirokchilarini hayratda qoldirdi va chuqur ehtiromga sazovor bo‘ldi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Yerdog‘anning qizg‘in salomlarini yetkazgan K. Zo‘rlu, ota yurt O‘zbekistonning yuragi bo‘lmish Samarqandda turkiy dunyoning kelajagi qayta shakllanayotganini ta’kidladi.

– Bugun biz shunchaki ilmiy anjuman o‘tkazayotganimiz yo‘q, – dedi Kurshat Zo‘rlu o‘zbek va turk tillaridagi hayajonli nutqida. – 1926-yili Bokuda chala qolgan, to‘silgan va bir asr davomida kutilgan tarixiy qurultoyni 100 yildan keyin aynan Samarqandda amalga oshirmoqdamiz. Yuz yillik sog‘inch va kemtiklikni bugun shu yerda to‘ldirmoqdamiz. Bundan bir asr muqaddam Bokuda berilgan muqaddas va’da bugun ota yurtimiz O‘zbekistonning qalbi – Samarqandning moviy gumbazlari ostida o‘zining amaliy ifodasini topdi.
“Muloqotlarimizda bir-birimizning tillarimizda gapirishni uddalashimiz shart”
Ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ham professor Kurshat Zo‘rlu nima sababdan o‘z nutqida o‘zbek va turk tillaridan birgalikda foydalanganiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
– Men bugungi nutqimda o‘zbek va turk tillarini uyg‘unlashtirib gapirishni maqsad qildim va buni ongli ravishda tanladim. Chunki ishonamanki, biz loaqal o‘zaro uchrashuv, faoliyat va ilmiy ishlarimizda bir-birimizning ona tillarimizda gaplashishni, bir-birimizni bevosita tushunishni uddalay olsak, bunga harakat qilsak, turkiy tillar oilasi kelajakda butunlay boshqacha, yanada yuksak va qudratli bir nuqtaga yetib boradi.

Prezident Rejep Tayyip Yerdog‘anning ham bu boradagi siyosiy irodasi juda qat’iy, aniq va ravshandir.
K. Zo‘rlu o‘z so‘zida turk dunyosining kelajagida til va madaniy aloqalar belgilovchi rol o‘ynashini, umumiy til va yagona alifbo turk davlatlari o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy integratsiyaning eng strategik va fundamental omili ekanini kuchli dalillar bilan asoslab berdi.
Buyuk mutafakkir Ismoil G‘aspralining “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan g‘oyasi bugun Turkiya va O‘zbekiston yetakchiligida aniq loyihalar bilan quvvatlanayotganini aytgan K. Zo‘rlu yaqin kunlardagi rejalarni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, shu oyning o‘zida Istanbulda “Turk dunyosi umumiy turkcha imtihon tizimi” (TUDSES) loyihasining katta taqdimoti o‘tkaziladi. Keyin Kojaelida Turk dunyosi yoshlar oromgohi tashkil etiladi va kuz faslida bo‘lib o‘tadigan Turk davlatlari tashkilotining sammitiga tayyorgarliklar yakunlanadi.
Nutqi yakunida professor Kurshat Zo‘rlu Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga yuqori baho berib, ikki qardosh mamlakat aloqalari o‘z tarixidagi eng kuchli, yeng ishonchli va sermahsul davrini boshdan kechirayotganini alohida e’tirof etdi.