Buxorodan dunyoga yo‘l: 90 nafar xorijlik yosh diplom oldi
Buyuk mutafakkir va tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino nomi bilan ataluvchi Buxoro davlat tibbiyot instituti nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro ta’lim makonida ham yuksak nufuz qozonib bormoqda.
Ayni paytda institutda dunyoning 20 dan ortiq davlatidan tashrif buyurgan talabalar tahsil olmoqda. Turli millat va madaniyat vakillarini birlashtirgan ushbu ilm maskanida 30 ga yaqin millatga mansub yoshlar zamonaviy tibbiyot sirlarini chuqur o‘zlashtirib, kelajakda inson salomatligi yo‘lida xizmat qilish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shu munosabat bilan institutda Davolash ishi yo‘nalishi bo‘yicha 2020–2026 o‘quv yillari davomida tahsil olgan Hindiston va Pokiston davlatlaridan kelgan 90 nafardan ortiq bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu quvonchli tadbir institutning xalqaro hamkorlaridan biri bo‘lgan "PeopleHive LLC" kompaniyasi ko‘magida tashkil etildi. Marosimda bitiruvchilar, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, xorijiy mehmonlar hamda institut jamoasi vakillari ishtirok etib, ushbu unutilmas kunning guvohi bo‘lishdi.
Tantanali tadbirda so‘z olgan institut rektori Shuhrat Teshayev bitiruvchilarni hayotlaridagi muhim bosqich – oliy tibbiy ta’limni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari bilan samimiy tabrikladi. U institutda berilgan nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar yosh mutaxassislarning kelgusi faoliyati uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, rektor institutda xorijlik talabalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xalqaro ta’lim standartlari asosida tashkil etilgan o‘quv jarayoni, zamonaviy laboratoriyalar va klinik bazalar hamda dunyo universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Ko‘p yillik mehnat, izlanish va mashaqqatli o‘qishning samarasi sifatida qo‘lga kiritilgan ushbu hujjat yosh shifokorlar uchun yangi hayot eshiklarini ochib beradi. Bitiruvchilar va ularning ota-onalari institut rahbariyati hamda ustozlarga samimiy minnatdorlik bildirib, ta’lim jarayoni yuqori saviyada tashkil etilganini alohida e’tirof etishdi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur yoshlar ertaga o‘z mamlakatlarida faoliyat yuritar ekan, ular nafaqat shifokor, balki O‘zbekistonning ta’lim tizimi, mehmondo‘stligi va tibbiy maktabi elchilariga aylanadi. Bu esa mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonda yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
90 nafardan ortiq xorijlik talabaning Buxoro davlat tibbiyot institutini muvaffaqiyatli tamomlashi nafaqat bir ta’lim muassasasining yutug‘i, balki O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro miqyosdagi e’tirofi hamdir. Bugun Buxoroda tahsil olgan yoshlar ertaga dunyoning turli nuqtalarida insonlar salomatligi uchun xizmat qilar ekan, ularning qalbida O‘zbekiston va Buxoro haqidagi iliq xotiralar saqlanib qoladi. Ana shu jihat mazkur tadbirning eng katta ahamiyati va eng yuksak natijasi hisoblanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri