Samarqandda Zulfiyachi qizlar bahslashdi
Samarqandda o‘tkazilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida yuzdan ziyod qizlar ishtirok etdi.
Samarqandda o‘tkazilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida yuzdan ziyod qizlar ishtirok etdi.Birinchi Prezidentimizning 1999-yil 10-iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida ta’sis etilgan mazkur mukofot a’lo xulqi, zukko va tashabbuskorligi, keng dunyoqarashi va boy tafakkuri bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan iste’dodli qizlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
– Shu vaqtga qadar 17 nafar samarqandlik qiz mazkur nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Rabbimova. – Sovrindorlarning yutuqlari hamda mukofot mohiyatini targ‘ib etish maqsadida joriy yilda Zulfiyachi qizlarning anjumanini o‘tkazdik. Sportda erishgan muvaffaqiyatlari uchun mukofot bilan taqdirlangan sakkiz nafar sovrindorning yutuqlari taqdimoti, shuningdek, qizlarning rassomlik, haykaltaroshlik va kulolchilik asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ana shunday targ‘ibot tadbirlari tufayli tanlovning bu yilgi hududiy saralash bosqichlarida har qachongidan ko‘p qizlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar adabiyot, fan, ta’lim, san’at va madaniyat yo‘nalishlarida o‘z mahoratini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Hakamlar hay’ati har bir yo‘nalish bo‘yicha ularning ijodiy ishlari va chiqishi, tanlovga taqdim etgan materiallariga baho berdi.
– Bolaligimdan rasm chizaman, – deydi Samarqand komputer texnologiyalari va gidromelioratsiya kolleji o‘quvchisi P.Shokirova. – Chizgan rasmlarim bilan ko‘plab tanlovlarda qatnashganman. Viloyat, mamlakat miqyosidagi tadbirlarda ijodiy ishlarim e’tirof etilgan. Yurtimizdagi har bir qiz orzu qiladigan mazkur tanlovdagi ishtirokim ham ushbu yo‘nalishdagi mahoratimni oshirish, tengdoshlarim bilan tajriba almashish uchun katta imkoniyat bo‘ldi.
Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma berildi.