Ziyo taratayotganlar
...Birinchi ustozimiz – boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Bahriniso opani “Oftob oyim” deb chaqiramiz. Muallima asl ismi boshqa esa-da, bunday murojaatga hech og‘rinmaydi. Qaytaga, mamnun jilmayadi.
...Birinchi ustozimiz – boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Bahriniso opani “Oftob oyim” deb chaqiramiz. Muallima asl ismi boshqa esa-da, bunday murojaatga hech og‘rinmaydi. Qaytaga, mamnun jilmayadi.Endigina maktab darvozasini hatlagan biz, chug‘urchuqlar o‘qituvchimizni savollarga ko‘mib tashlardik. Ustoz ularga bajonidil javob berishga intilardi. Bir safar muallimamiz “Oftob qanday chiqadi va yana Yerga qanday botib ketadi?” degan savolimizga o‘ylanib qoldi. Ko‘z bilan ilg‘ab bo‘lmas poyonsiz Yerning tinimsiz aylanishi bu tabiat qonuni asosida yuzaga kelishini hali murg‘ak tafakkurning qabul qilishi qiyin-da! Ustozimiz ertasiga katta plakatga kulib turgan oftob rasmini chizib kelgan. So‘ng o‘zi Quyosh bo‘lib suratni doska yonida ushlab turgan. Davraga chiqqan bola Yer bo‘lib aylangan. Muallima undan “Aylanganingda Oftobni doimo ko‘rib turdingmi?” deya so‘ragan. “Yo‘q”, degan javobga “Quyosh hamisha porlab turadi. Yer muntazam aylangani uchun tunlari biz uni ko‘rmaymiz”, deb tushuntirgan. Shu-shu ustozimiz biz uchun “Oftob oyim”ga aylangan...
Aslida ham shunday! Ming-minglab murg‘ak qalblarga oqu-qorani tanitadigan, ezgulik yog‘dusini baxsh etadigan, ularning kelajak yo‘lini yoritadigan, yuzlaridan ziyo taralguchi muallimlarni ham suratan, ham siyratan olamni nurga to‘ldirguvchi Oftobga o‘xshataman.
“Maktab degan ulug‘ dargohning inson va jamiyat taraqqiyotidagi hissasi va ta’sirini, nafaqat yoshlarimiz, balki butun xalqimiz kelajagini hal qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi”, deb ta’kidlagan mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobida.
Azaldan makon va zamon, olam va odam, inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirishga, avlodlar davomiyligini, insoniyat kamolotini ta’minlashga xizmat qilguvchi ezgu tushunchalar silsilada muallimlik rutbasi doim yuksak va qadrli bo‘lib kelgan.
Alisher Navoiyning “Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qutmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila”, degan satrlari mas’uliyatli va sharafli kasb egalari mehnatiga munosib bahodir.
Istiqlolning dastlabki yillaridan Yurtboshimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni tarbiyalashdek g‘oyat muhim va dolzarb vazifani sidqidildan bajarib kelayotgan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Birinchi Prezidentimizning 2005-yil 25-noyabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish va uni moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori pedagoglarning professional malakasini, izlanish va tashabbuskorlik fazilatlarini yuksaltirishga, o‘quv-tarbiya jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Xalq ta’limi tizimi xodimlarining ish haqi bir necha barobar oshirilgani, alohida ustama haq joriy etilgani, ta’lim standartlariga muvofiq pedagoglarning ish yuklamalari maqbullashtirilgani, maktablarda direktor jamg‘armalarining tashkil qilingani, har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinayotgani barkamol avlodni tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘-e’tibori yanada yuksalib, mehnati qadr topayotganining yorqin ifodasidir.
Barkamol avlodni tarbiyalash, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘sini yuksaltirish, islohotlar rivojiga faol hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari, jumladan, O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lmoqda. Ular safida yetuk bilimli, yuksak ma’naviyatli shaxslarni kamolga yetkazish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan sharafli va mas’uliyatli kasb egalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu o‘qituvchi va murabbiylarning halol va fidokorona mehnatini qadrlash, ezgu intilishlarini e’tirof etish, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish borasidagi yuksak e’tiborning amaldagi yaqqol namunasidir.
Istiqlol yillarida 12 nafar fan-ta’lim sohasi xodimi O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi.
– Xalqimizning obod Vatan, erkin va farovon hayot qurishdek ezgu maqsadi ro‘yobi, shubhasiz, kuchli bilim va salohiyatga, mustaqil fikr, keng dunyoqarashga ega yosh, zamonaviy kadrlarni tayyorlash, qolaversa, ularning mehnati, intilishi bilan bog‘liq, – deydi O‘zbekiston Qahramoni, Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi Muhabbat Sharapova. – Ushbu buyuk ishga ustoz-murabbiylarimiz o‘zining ko‘z nuri, qalb qo‘rini baxsh etib kelayotgani, bu elimiz, davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilayotgani bizni behad g‘ururlantiradi. Shu bilan birga, faoliyatimizda mas’uliyatimizni, kuch-g‘ayratimizni yanada oshiradi.
...Qishloqqa borganimda birinchi o‘qituvchim – Bahriniso opani ko‘rgani maktabga otlanaman va ustozni har safar o‘z farzandlaridek aziz bo‘lib qolgan chug‘urchuqlari bag‘rida mamnun qiyofada ko‘raman. U goh bolalar qo‘liga qalam tutqazib, harf o‘rgatayotgan, goh ularga qahramonlar qiyofasiga kirib ertak so‘zlayotgan bo‘ladi. Go‘yo murg‘ak tafakkurlar uchun dunyo sirlarini ochishga, ularning kelajak hayotini yanada yorqinlashtirishga tirishadi.
Ming bor ta’zim sizga, qalbga ziyo taratayotganlar!