Zargarlik sohasida o‘sish bor, ammo sifat nazorati talab darajasidami?
So‘nggi yillarda yurtimizda zargarlik sanoatini rivojlantirish, soha ishtirokchilari uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish hamda davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Ayniqsa, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasini tartibga solish, asillik darajasini aniqlash jarayonlarini xalqaro mezonlar asosida tashkil etish va raqamli boshqaruv mexanizmlarini joriy etish sohada salmoqli ishlar amalga oshirilyapti.
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi tomonidan zargarlik sohasini tartibga solish, tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari hamda nazorat yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu xususda so‘z yuritildi.

Unda soha mas’ullari qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar yuzasidan ma’lumot berdi. Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Rahimjon Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar faqat raqamlarni ko‘paytirishga emas, balki sifat va ishonchni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
–Zargarlik sohasida o‘sish ko‘rsatkichlariga erishishning o‘zi yetarli emas. Bugun asosiy maqsad iste’molchi ishonchini mustahkamlash, sifat nazoratini kuchaytirish va tadbirkorlar uchun shaffof tizim yaratish. Shu maqsadda davlat xizmatlarini raqamlashtirish, inson omilini qisqartirish hamda nazorat mexanizmlarini zamonaviylashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Deylik, asillik darajasini aniqlash va davlat tamg‘asi bilan tamg‘alash xizmatlariga bo‘lgan talab yil sayin oshib bormoqda. Xususan, 2023-yilda 989 kilogrammdan ortiq zargarlik buyumlari ekspertizadan o‘tkazilib tamg‘alangan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 1 tonna 141 kilogrammga yetgan. 2025-yil yakunlari bo‘yicha esa mazkur hajm qariyb 1,5 tonnani tashkil etgan, – dedi Rahimjon Boboyev.

Mutaxassislar qayd etganidek, mazkur o‘sish ko‘rsatkichlari bozordagi faollik ortib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu jarayonda mahsulot sifati, uning haqiqiy asillik darajasi va nazorat tizimining ishonchliligi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Anjuman davomida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi ustidan amalga oshirilayotgan texnik hamda gemmologik ekspertiza ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Shuningdek, xalqaro standartlarni joriy qilish, laboratoriyalar imkoniyatlarini kengaytirish va mutaxassislar malakasini oshirish ishlari sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbirda litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgani, davlat xizmatlari inson omilisisiz elektron shaklda ko‘rsatilayotgani ham qayd etildi. 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, respublikada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan faoliyat yuritayotgan sub’ektlar soni 2 778 tani tashkil etdi. Faoliyat turlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan ruxsat beruvchi hujjatlar soni esa 4 059 taga yetdi.

Shu bilan birga, sohada qonuniylikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, litsenziyalash jarayonlarini raqamlashtirish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarida video kuzatuv tizimini joriy etish hamda nazorat tadbirlarini zamonaviy texnik vositalar orqali amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, sohani yanada rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, zargarlik sohasidagi o‘sish ko‘rsatkichlari muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, kelgusi bosqichda asosiy e’tibor sifat nazorati, xizmatlar shaffofligi va xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlashga qaratiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA