Zakovat musobaqasi boshlandi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan bilimlar bellashuvi intellektual tanlovining mamlakat bosqichi boshlandi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan bilimlar bellashuvi intellektual tanlovining mamlakat bosqichi boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari B.Doniyorov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Matematika instituti direktori Sh.Ayupov, O‘zbekiston Qahramoni, matematika va informatika fani o‘qituvchisi T.Azlarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi natijasida mamlakatimizda zamonaviy ta’lim tizimiga asos solinib, yangi avlod kadrlarini tarbiyalash uchun mustahkam poydevor yaratilganini ta’kidladi.
2010-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan bilimlar bellashuvi intellektual loyihasi o‘qitish sifatini oshirishda, o‘g‘il-qizlarning bilimini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. To‘rt bosqichli – maktab, tuman, viloyat va mamlakat bosqichida o‘tkaziladigan ushbu zakovat musobaqasidan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning qobiliyati va iqtidorini quyi sinflardan boshlab aniqlash va ularni kasb-hunarga yo‘naltirib borishdan iborat. Tanlov davlat ta’lim standartlari talablarining bajarilishini o‘rganish, o‘quv maskanlari va ta’lim idoralari faoliyatini baholash, tuman va shaharlarning bu boradagi reytingini aniqlash imkonini beradi.
Bu yilgi bilimlar bellashuvining dastlabki bosqichida 5-8-sinflarning 2 million nafardan ortiq o‘quvchisi 16 fan bo‘yicha qatnashdi. Eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan o‘g‘il-qizlar a’lochilar tanlovining yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Jahongir Norboyev Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi 18-umumta’lim maktabining 7-sinfida o‘qiydi. U 2016-yilning avgust oyida Tailandda bo‘lib o‘tadigan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi matematika fani bo‘yicha xalqaro musobaqada O‘zbekiston yoshlari safida qatnashadi.
– Bilimlarni qanchalik charxlab, sinovdan o‘tkazib borsak, o‘zimiz uchun shunchalik foyda, – deydi J.Norboyev. – Ustozlarimizning ko‘magi bilan shunday bellashuvlarda ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Kelgusida matematik bo‘lishni orzu qilaman.
Mazkur zakovat musobaqasining dastlabki jarayonida aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar, keyin filologiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning iqtidori sinovdan o‘tkaziladi.
Tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lgan barcha o‘quvchilar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Quyoshli» yozgi intellektual oromgohida dam oladi. “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etiladigan bu yilgi dam olish mavsumida istiqlol yillarida yosh avlod kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan mehr va e’tiborni aks ettiruvchi ma’rifiy tadbirlar, olimlar, yetuk mutaxassislar, o‘qituvchi va murabbiylar ishtirokidagi mahorat saboqlari, viktorinalar, fan kechalari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.