“Yoshlar kuni” uchrashuvlari
Bugun Farg‘ona viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik G‘. Alaviddinov Farg‘ona texnika universiteti talaba yoshlari bilan uchrashdi. U ochiq muloqot, fikr almashish va yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ruhida o‘tdi.
Tadbir davomida boshqarma boshlig‘i yoshlarga bugungi kunda respublika miqyosidagi yoshlar siyosati davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritdi.Ularni kelajakda favqulodda vaziyatlar tizimiga jalb etish hamda kasbga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, soha faoliyati, xizmat sharoitlari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish hamda kelajakdagi rejalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuvning amaliy qismi yanada qiziqarli va mazmunli o‘tdi. Bilim maskanida 2-bosqichda tahsil olayotgan bir nechta talaba yoshlar o‘z innovatsion g‘oya va loyihalari bilan chiqish qildilar. Jumladan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘inlarni o‘chirish jarayonida zamonaviy dronlardan foydalanish, sun’iy intellekt yordamida xavflarni oldindan tahlil qilish, shuningdek, soha xodimlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan yangi elektron platformalar yaratish bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi.
[gallery-28510]
Tadbir yakunida o‘zining yangicha yondashuvlari, tashabbuskorligi va faol ishtiroki bilan ajralib turgan yoshlar Farg‘ona viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA