Yosh taekvondochilarimiz tarixiy natija qayd etgan jahon chempionati yakunlandi
Poytaxtimizda o‘tkazilgan taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi final bahslaridan so‘ng yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
115 mamlakatdan qariyb 1000 nafar sportchi qatnashgan mazkur musobaqada O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medal jamg‘arib, milliy taekvondo tarixida yangi sahifa ochdi. Qayd etish joiz, 2024-yil Chxunchxon shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yurtimiz vakillari 1 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.

Mazkur tarixiy yutuqqa katta hissa qo‘shgan sportchilardan biri — Mohidil O‘ktamjonova bo‘ldi. U qizlar o‘rtasida -63 kg. vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi. Shu tariqa, u O‘zbekiston taekvondo WT tarixida qizlar o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchi sifatida qayd etildi.
— Mening bu muvaffaqiyatim mamlakatimizda biz yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir, — deydi Mohidil O‘ktamjonova. — Albatta, yaqinda poytaxtimizda o‘tgan “Prezident olimpiadasi”da g‘olib bo‘lganimda jahon chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritishni niyat qilgan edim. Bugun esa xalqimizning duosi, murabbiylarimning to‘g‘ri ko‘rsatmalari va sportimiz mutasaddilarining bizga bo‘lgan ishonchi sabab bu maqsadimga yetdim. Kelgusida Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida ham chempion bo‘lishni maqsad qilaman.

Shuningdek, “Olimpiya shaharchasi”da o‘tgan dunyo birinchiligida Asadbek Samandarov va Yosinbek Odilov oltin, Ayubxon Nabiyev hamda Alisher Pak kumush, Shohjahon Xolmurodov esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
G‘alabalar yodga olinganda doimo inson kayfiyati ko‘tariladi, qalbda esa g‘urur va iftixor jo‘sh ura boshlaydi. Ushbu g‘alabalar zamirida olib borilgan tinimsiz mehnat, yaratilgan sharoitlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Har bir sport turi kabi taekvondo WT bo‘yicha ham terma jamoa tarkibini yangilash va nomdor sportchilarga munosib izdoshlarni tayyorlash jarayonlari o‘tkaziladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘ylab taekvondo sport turi targ‘iboti, seleksiya bo‘yicha bir qator tadbirlar tashkil etildi.

Seleksiya ishlarini yanada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida har bir viloyat bo‘linmalari murabbiylariga turli yosh toifalaridagi iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularning tajribasini oshirish borasida muhim ko‘rsatmalar berildi. Sportchi va murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha mamlakatimiz bo‘ylab to‘rt hududni birlashtirgan holda hakam va murabbiylar uchun seminarlar o‘tkazildi. Unda taekvondoning yangi qoidalari, sportchilarni dopingdan asrash va ularni yangi usullar bilan shug‘ullantirish bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.
Mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari turkumidan joy olgan sport turlarini yanada ommalashtirishga qaratilayotgan samarali ishlar natijasini sportchilarimizning ulkan g‘alabalari misolida ko‘ryapmiz.

Ushbu sport turi bo‘yicha iqtidorli yoshlarning kamol topishida Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari, maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi taekvondo bo‘limlari, qator sport seksiyalari va to‘garaklarining xizmati beqiyos. Ularda chiniqqan iqtidorli sportchilar xalqaro turnirlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.
Darhaqiqat, taekvondo WT bo‘yicha qo‘lga kiritilgan yutuqlarimizga dunyo havas qilmoqda. Ayniqsa, bu galgi yoshlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida taekvondochilarimiz misli ko‘rilmagan g‘alabalarga erishdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA