Indoneziya - O‘zbekiston: Sport sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik aloqalari yildan yilga rivoj topmoqda. Ayniqsa, sport yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish uchun keyingi yillarda yangi imkoniyatlar vujudga keldi.
Bugungi kunda Indoneziyaning milliy sport turi penchak silat bilan O‘zbekistonda 10 ming nafarga yaqin yoshlar shug‘ullanayotgani, 200 nafardan ortiq sport murabbiylari ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgani e’tiborli.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov hamda Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruhaini Juhayatin xonim o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda do‘stona munosabatlar, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani e’tirof etildi.
Muloqot davomida xalqaro hamkorlik aloqalarining istiqbollari, universitetda penchak silat sport turi yo‘nalishini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish, Indoneziyaning yetakchi sport ta’lim muassasalari qo‘shma dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Indoneziya va O‘zbekiston sportchilari, mutaxassislari ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, sport diplomatiyasi orqali ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA