Yosh olimlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘zbekiston Fanlar akademiyasida yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasida yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi,Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va boshqa muassasalar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yosh olimlar kengashi a’zolari, tadqiqotchilar, yoshlar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori navqiron avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim huquqiy asos bo‘layotir.
Davlat va nodavlat tashkilotlari o‘zaro hamkorlikda bu boradagi ishlarga munosib hissa qo‘shmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan «Yosh mutaxassis» respublika forumi ko‘plab iqtidorli yoshlar orzusiga qanot bermoqda. Yoshlar tashabbuslarini hayotga tatbiq etish uchun grantlar ajratilayotir.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi kichik ilmiy xodimi Mirzakamol Ayubov ham ushbu tanlovda faxrli o‘rinni egalladi. U qishloq xo‘jaligi sohasida yangi texnologiyalarni joriy etish orqali g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib borayotir.
– Yurtimizda biz, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosat porloq kelajagimizning kafolatidir, – deydi yosh olim. – Bu imkoniyatlar tufayli g‘o‘zaning erta pishadigan navini yaratishda ustozlarim qatorida ishtirok etdim.
Davra suhbatida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar atroflicha tahlil etilib, talabalar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy faoliyati, xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishi, istiqbolli izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.