Yosh askarlar qasamyod qildi
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida joylashgan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda yosh askarlarning “Vatanga qasamyod” marosimi tantanali va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizning turli hududlaridan kelib, muqaddas burchini ado etish uchun safga qo‘shilgan navqiron yigitlar uchun bu kun nafaqat rasmiy tadbir, balki hayotlaridagi muhim burilish nuqtasiga aylandi. Maydondagi har bir qadam, yangragan har bir so‘z ularni Vatan taqdiriga daxldor shaxs sifatida shakllanayotganini his ettirdi.
Tadbir avvalida DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda yosh askarlar zimmasiga yuklatilgan yuksak mas’uliyat — davlat chegaralarini ishonchli qo‘riqlash, xalq tinchligi va yurt osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli vazifalar alohida qayd etildi. Bu esa safda turgan har bir yigit qalbida burch va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Shundan so‘ng yosh askarlar Vatanga sadoqat, harbiy qasamga sodiqlik va yuksak mas’uliyat bilan xizmat qilishga tantanali ravishda qasamyod qildilar. Ushbu daqiqalarda ularning nigohida qat’iyat, qalbida esa faxr va mas’uliyat hissi uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Marosimda ishtirok etgan DXX Chegara qo‘shinlari faxriysi, general-leytenant Ilhom Ibragimov yosh askarlarni samimiy muborakbod etib, harbiy xizmat nafaqat burch, balki yuksak ishonch va sharaf ekanini ta’kidladi. U o‘z nutqida Vatan ishonchiga munosib bo‘lish har bir askar uchun eng oliy mezon ekanini aytib o‘tdi.
2026-yilgi chaqiruv askarlari nomidan so‘z olgan oddiy askar Davlatbek Yorqulov qisqa muddat ichida o‘tgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar davomida olgan bilim va ko‘nikmalari uning dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatganini, shuningdek, oldida turgan vazifalarni sharaf bilan ado etishga tayyor ekanini bildirdi.
Askarlar ota-onalari nomidan so‘zga chiqqan Navoiy viloyati Karmana tumanidan tashrif buyurgan Dilfuza Hasanova mamlakatimizda harbiylarga yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Ayniqsa, uning katta o‘g‘li Sohibjonning ham ana shu safda qasamyod qabul qilishi tadbirga yanada chuqur ma’no baxsh etdi. Ona sifatida u barcha yosh askarlarga Vatan oldidagi muqaddas burchlarini sharaf bilan ado etishlarini tiladi.
Tadbir davomida xizmat vazifalarini namunali bajarayotgan, yosh askarlarni o‘qitish va tarbiyalashda faollik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, katta leytenant Jonibek Bosimov va 3-darajali serjant Javlon Husanovlar harbiy qism qo‘mondoni yorlig‘i bilan taqdirlandi. Shuningdek, 3-darajali serjant Shavqiddin Elmurodovga minnatdorlik e’lon qilindi. Bu kabi e’tiroflar harbiy xizmatda fidoiylik va mas’uliyat doim qadrlanishini yana bir bor namoyon etdi.
Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan Mansurbek Abdurahmonov, Diyorbek Aliqulov, Yosinbek Mo‘ydinjonov, Shohjahon Osmonjonov hamda Muhammadali Sodiqjonovlarga tegishli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi. Bu imkoniyat yoshlar uchun nafaqat rag‘bat, balki kelajakda harbiy sohada o‘z o‘rnini topishga qaratilgan mustahkam poydevor sifatida baholandi.
Marosim so‘nggida harbiy qism xizmatchilari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. "Chaqiruv-2026" yosh askarlari tomonidan qurollarni ko‘zlari bog‘liq holda qismlarga ajratish va qayta yig‘ish bo‘yicha namoyish etilgan mashqlar ularning qisqa vaqt ichida qay darajada puxta tayyorgarlikdan o‘tganini ko‘rsatdi. Qurol bilan vals ijrosi esa tadbirga o‘ziga xos badiiy ruh bag‘ishlab, yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Tantana nafaqat harbiylar, balki farzandlarining qasamyod marosimida ishtirok etgan ota-onalar qalbida ham g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi. Chunki bu yerda faqat qasamyod aytilmadi — bu yerda yurtga sadoqat, burchga vafo, Vatanga muhabbat yana bir bor yuksak minbardan yangradi.
Zero, Vatan himoyasi uchun qasam ichgan har bir yosh — bugunning askari, ertaning ishonchli tayanchi, yurt tinchligi va xavfsizligining kafolatidir.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA